Rossiyaliklar banklardan pullarini yoppasiga qaytarib olmoqda

Бугун 08:252 дақиқа

Rossiyada bank kartalarining bloklanishi va internetdagi uzilishlar sababli aholi naqd pulga o‘tmoqda: yanvar oyining o‘zida banklardan 1,1 trillion rubl mablag‘ chiqib ketdi.

Rossiyaliklar banklardan pullarini yoppasiga qaytarib olmoqda © FOTO: RBC

«RBK» nashrining Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2026-yilning yanvar oyida mijozlar o‘z hisoblaridan 1,6 trln rubldan ortiq mablag‘ yechib olgan. Bu 2022-yilning mart oyidagi rekorddan (2,1 trillion rubl) keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Eng xavotirlisi — yechib olingan mablag‘larning uchdan bir qismidan ham kami (468 milliard rubl) omonatlarga qaytgan. RANXiGS eksperti Aleksandr Abramovning ta’kidlashicha, bank va to‘lov tizimiga nisbatan bunday ishonchsizlik Rossiyada 2000-yillarning o‘rtalaridan beri kuzatilmagan edi.

Aholining naqd pulga intilishiga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda.

Birinchidan, o‘tgan yilning may oyidan beri mamlakatning o‘nlab hududlarida mobil internet muntazam ravishda uzilib qolmoqda, bu esa elektron to‘lovlarni imkonsiz qilib qo‘ydi.

Ikkinchidan, firibgarlikka qarshi kurash niqobi ostida bank kartalari va hisob raqamlari yoppasiga bloklanmoqda. «Informzashchita» kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyi boshida 2-3 million rossiyalikning kartalari vaqtinchalik muzlatib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.

 

Soliq nazorati va cheklovlar

2025-yil 1-iyuldan boshlab Federal soliq xizmati (FSX) banklar ustidan nazoratni kuchaytirib, shubhali operatsiyalarni, ayniqsa o‘zini o‘zi band qilganlar va daromad solig‘idan qochganlarni aniqlash uchun kartalarni tekshirishni boshladi. «Rikom-Trast» tahlilchisi Valeriya Popovaning fikricha, fuqarolar o‘z pullariga soliq idoralarining haddan tashqari qiziqishidan xavfsirab, mablag‘larini naqd shaklda saqlashni afzal ko‘rmoqda. Bu esa iqtisodiyotning yanada «yashirinishi»ga xizmat qilmoqda.

Naqd pulga talab oshgani sayin banklar va hukumat yangi cheklovlarni joriy etmoqda. Masalan, Ichki ishlar vazirligi firibgarlikka shubha tug‘ilgan taqdirda, bank kassalaridan 50 ming rubldan ortiq mablag‘ berishni taqiqlashni taklif qildi. Bank vakillari bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan, biroq bunday choralar aholining banklarga bo‘lgan ishonchini yanada so‘ndirishi tayin. Bankomatlarda naqd pul berish bo‘yicha limitlarning paydo bo‘lishi esa vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.

 

Bank tizimiga tahdid

Iqtisodchi ekspert Yevgeniy Goryunovning prognoz qilishicha, agar mablag‘larning tizimdan chiqib ketishi tendensiyaga aylansa, bu bank tizimi barqarorligiga bevosita tahdid sola boshlaydi. Muomalaga 1 trln rubldan ortiq naqd pulning chiqarilishi inflatsiyaga bosim o‘tkazishi va Markaziy bankni pul-kredit siyosatini yanada qattiqlashtirishga majbur qilishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida kreditlarning qimmatlashishiga va iqtisodiy faollikning susayishiga olib keladi.

Shuningdek, ekspertlar «likvidlikka qochish» jarayoni davom etishini kutishmoqda. Internet va aloqa bilan bog‘liq muammolar hal etilmas ekan, aholi uchun naqd pul yagona ishonchli to‘lov vositasi bo‘lib qolaveradi. Bu jarayon iqtisodiyotning shaffoflik darajasini pasaytirib, davlatning moliyaviy oqimlarni nazorat qilish imkoniyatini cheklaydi.

 

Теглар

Мавзуга оид