Rossiyaning yadroviy zarbasi: Budanov Ukrainaga bo‘ladigan ehtimoliy hujum haqida gapirdi
Rossiyaning «qizil chiziqlari» qayerda? Ukraina prezidenti ofisi rahbari Kreml bilan ko‘p yillik tajribasi asosida urushni yakunlash yo‘llarini va yadroviy tahdidlarning siyosiy tabiatini tushuntirib berdi.

Rossiya Ukrainaga «istalgan vaqtda» yadro zarbasi berish uchun texnik imkoniyatga ega, biroq hozircha Kiyev Kremlning bunday ssenariyga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida biror-bir belgilarni ko‘rmayapti. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari, bosh razvedka boshqarmasi sobiq boshlig‘i Kirill Budanov «The Times» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Rossiya istalgan vaqtda va istalgan masofaga yadro zarbasi berishga to‘liq qodir. Uning yadroviy salohiyati bunday vazifani bajarish imkonini beradi. Biroq bu, avvalo, siyosiy iroda masalasidir», – dedi Budanov.
Kiyev yadroviy tayyorgarlik belgilarini ko‘rmayapti
Shu bilan birga, u Ukraina razvedkasi hozircha Rossiyaning yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha biror-bir amaliy tayyorgarlik harakatlarini qayd etmayotganini ta’kidladi.
«Men yadro zarbasiga tayyorgarlikning hech qanday belgisini ko‘rmadim. Agar shunday harakatlar mavjud bo‘lganida, men buni bilardim», – dedi prezident ofisi rahbari.
Shuningdek, Budanov tinchlik jarayonining samaradorligiga va urushni muzokaralar yo‘li bilan yakunlash mumkinligiga ishonishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tuzilmalari bilan bo‘lgan ko‘p yillik faoliyat tajribasi unga Kremlning «qizil chiziqlari»ni va muzokara olib borish usullarini tushunish imkonini beradi.
«Biz ular bilan ko‘p yillar davomida ishlab kelganmiz, shuning uchun ishoning, men ular bilan qanday gaplashishni bilaman», – dedi u.
Ukraina dron texnologiyalariga tayanmoqda
Budanovning ta’kidlashicha, Ukraina shunchaki G‘arb ko‘magiga tayanib qolmay, harbiy texnologiyalar va jangovar tajriba, xususan, dronlar ishlab chiqarish borasida o‘z ishlanmalarini eksport qiluvchi davlatga aylanib bormoqda.
U kelajakdagi urushlar tobora ko‘proq mustaqil harakatlanuvchi «aqlli» dronlar yordamida olib borilishiga ishonishini aytib, Ukrainada allaqachon bunday qurilmalarning prototiplari mavjudligini ma’lum qildi.





