Ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalar asosida qurilish taqiqlanadi
2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekistonda yagona elektron reyestr ishga tushadi va unda ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalar asosida qurilishga ruxsat berilmaydi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda urbanizatsiya va qurilish sohasida yangi tartib joriy etiladi. Prezidentning «Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-noyabrdan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi master rejalarning yagona elektron reyestrini yuritadi.
Qarorga ko‘ra, mazkur reyestrda ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalarni amalga oshirish, shuningdek, ular asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyatni olib borish taqiqlanadi. Bu orqali hududlarni rivojlantirishga oid barcha loyihalar yagona nazorat tizimiga o‘tkaziladi.
Bosh rejalar nazorati kuchayadi
Qarorga muvofiq, aholi punktining bosh rejasi tasdiqlanganidan keyin uch oy ichida uni amalga oshirish bo‘yicha 3–5 yillik kompleks dastur ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Dasturda moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish muddatlari va aniq tadbirlar ko‘rsatilishi shart.
Kompleks dastur ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlari majlislarida muntazam muhokama qilinadi hamda uning natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Shuningdek, bosh rejasi mavjud bo‘lmagan yoki 10 yildan ortiq avval ishlab chiqilgan aholi punktlari uchun yangi bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan tayyorlanadi.
Raqamli nazorat tizimi
Qaror bilan qurilish jarayonini raqamli kuzatish tizimi ham joriy etilmoqda. «Uy-joy» yagona raqamli urbanizatsiya platformasida istiqbolli qurilish hududi identifikatori, loyihaning raqamli pasporti va kapital qurilish obyektining raqamli pasporti shakllantiriladi. Ular «Shaffof qurilish» axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
2026-yil 1-oktabrdan boshlab yagona identifikatsiya raqami olmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi. Shu bilan birga, 2027/28-o‘quv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti ochiladi.
Milliy qo‘mita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil etiladi hamda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha «UN-Habitat» bilan hamkorlik kengaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uyga odam ko‘chirganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.





