Samarqandda bankni o‘marmoqchi bo‘lgan yigit qo‘lga olindi
U bank xodimlarini o‘zida portlovchi modda borligi haqida aytib, qo‘rqitgan. So‘ngra oynalarni sindirib, pul talab qilgan.
© Qo‘riqlash DepartamentiJoriy yilning 13-iyul kuni Samarqand viloyatining Samaqand shahrida bankda bosqinchilik qilib, kassadagi pullarni olmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Qo‘riqlash departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘sha kuni soat 17:00 da shaharning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan banklardan biriga qishki kiyim kiyib olgan va yuziga niqob taqqan yigit qo‘lida qora sumkasi bilan bostirib kirgan. U o‘zida portlovchi modda mavjudligini aytib, bank xodimlarini qo‘rqitgan. Shundan so‘ng eshik oynalarni sindirib, bank vakillaridan pul talab qilgan.
Holatdan xabar topgan va voqea joyiga yetib borgan qo‘riqlash xizmati xodimlari niqobli shaxs bilan xavfsiz masofadan turib, muloqot qilgan. Muzokaralardan so‘ng gumonlanuvchi o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, hodisa oqibatida fuqarolarga hech qanday zarar yetmagan. Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





