Samarqandda bloger otasining o‘limi bo‘yicha tekshiruv talab qilmoqda

Бугун 13:152 дақиқа

«Fayzbog‘» telegram kanali muallifi, bloger Temurmalik Tojiddinzoda otasining ruhiy shifoxonaga yotqizilgandan keyingi vafoti yuzasidan prokuraturaga murojaat qilib, holatni ochiq va adolatli tekshirishni talab qilmoqda.

Samarqandda bloger otasining o‘limi bo‘yicha tekshiruv talab qilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Temurmalik Tojiddinzoda otasining vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan murojaat e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, otasi V.T. 1956 yilda tug‘ilgan, II guruh nogironi bo‘lib, so‘nggi paytlarda alsgeymer kasalligi bilan og‘rigan.

«10-aprel kuni otam sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Bir sutka davomida qilgan qidiruv ishlarimiz natijasida, uni Samarqand shahar IIB Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borib qo‘yganini aniqladik. Keyinchalik, bundan jahlimiz chiqib, o‘sha kunning o‘zidayoq otamni uyga olib keltirmoqchi edik, biroq ish kunlari tugagani sababli (shanba kuni edi), u yerdagi vrachlar bizga bemorni faqatgina dushanba kuni boshliqning ruxsati bilan qo‘yib yuborishini aytib berishmadi. Dushanba kuni erta sahar bilan olib keldik. Ammo, uning ahvoli o‘sha paytda o‘ta og‘ir edi. Shifoxonadagi «qassob» shifokorlar otam qoniga o‘ta kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida o‘ziga kelmay yotib, oxiri 14-aprel, seshanba kuni halok bo‘ldi» — deb yozadi bloger o‘zining sahifasida.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasiga ariza kiritilgani ma’lum qilindi. Marhumning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lib, natijalar kutilmoqda.

Bloger ushbu ishni o‘rganish yuzasidan bir qator savollar qattiq nazorat ostida ko‘rib chiqilishini talab qildi:

1. Otam qanday qilib ruhiy shifoxonaga tushib qoldi? Uni kim uyoqqa olib bordi va nima uchun oila a’zolarini bundan xabardor qilmadi?

2. Otamni kim va qanday preparatlar bilan uning o‘limiga olib keluvchi ukollar qildirdi? Ekspertiza javoblari chiqquncha holat keyinchalik yopdi-yopdi bo‘lib ketmasligiga kafolatlar kerak.

3. Qaysidir bir kichik xodim arzimas jazo olib, voqea bosti-bosti bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Samarqand tumanidagi ruhiy xastalar shifoxonasi faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va undagi ish jarayoni hamda xodimlar malakasiga tegishli huquqiy va professional baho berilishi lozim. Agar bizdan oldin ham kimdir shunga o‘xshash holatlarga duch kelgan bo‘lsa, menga murojaat qilishlarini so‘rab qolaman.

Jurnalist Ilyos Safarov vaziyatga nisbatan o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagicha fikr bildirgan.

«Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shaxsni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi. Bu borada istisnolar nazarda tutilmagan. Agar postda keltirilgan holat o‘z tasdig‘ini topsa, sud qarorisiz bunday chorani qo‘llagan ichki ishlar organlari xodimlari hamda tegishli hujjatlarsiz bemorni qabul qilgan shifoxona rahbariyati qonunda belgilangan eng og‘ir javobgarlikka tortilishi shart».

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovga ko‘ra, ish yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

«Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi ta’minlanib, natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi», – deyiladi Idora matbuot xizmati rahbari xabarida.

Теглар

Мавзуга оид