Logo

Sanjar Karimov ishi: himoya oqlovni, prokuror hukmni o‘zgartirmaslikni so‘radi

17-avgust kuni JIB Toshkent shahar sudida avtobloger va tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida taraflar muzokarasi yakunlandi. Unda himoya tomoni, prokuror, jabrlanuvchilar tomoni va sudlanuvchi nutq qildi. Himoya tomoni JKning 112 va 168-moddalari bo‘yicha oqlov, 273-moddasi bo‘yicha esa qilmishni 276-moddaga qayta kvalifikatsiya qilish va jazoni o‘zgartirishni so‘radi. Prokuror esa Karimovga nisbatan chiqarilgan birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi. Jabrlanuvchi Olimboyeva esa uyining qaytarilganini aytib, Karimovga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi va suddan unga yengillik berishni so‘radi.

Sanjar Karimov ishi: himoya oqlovni, prokuror hukmni o‘zgartirmaslikni so‘radi

«Ikki epizod bo‘yicha oqlov so‘raymiz» — advokatlar

Sud muzokarasida Sanjar Karimov advokatlaridan birining ta’kidlashicha, himoya tomoni Jinoyat kodeksining 112 va 168-moddalari bo‘yicha Karimovni aybsiz deb hisoblaydi. 273-modda bo‘yicha esa ishdagi dalillar va tergov jarayonidagi protsessual masalalarga e’tibor qaratilib, qilmishni 276-modda bilan qayta kvalifikatsiya qilish so‘raldi. Advokatning fikricha, ishdagi ayrim dalillar JPK talablariga muvofiq olinmagan va birinchi instansiya sudi ularga tegishli huquqiy baho bermagan. Shu sababli u ikki epizod bo‘yicha oqlov, uchinchi epizod bo‘yicha esa qayta kvalifikatsiya va jazoni o‘zgartirishni so‘radi.

«Ayb guvohlar va ekspertiza xulosalari bilan tasdiqlangan» — prokuror

Davlat ayblovchisi esa himoya pozitsiyasiga qo‘shilmadi. Prokurorning fikricha, Sanjar Karimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 112-moddasi 1-qismi va 273-moddasi 2-qismi bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar birinchi instansiya tomonidan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan. U ayb jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari hamda sudda tekshirilgan boshqa dalillar bilan tasdiqlanganini bildirdi.

JKning 168-moddasi bo‘yicha prokuror uy oldi-sotdisi bilan bog‘liq holatlarga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, Karimov uy egasi Olimboyeva bilan emas, Rismatov bilan kelishgan, pul ham Rismatovga berilgan. Prokuror buni uy egalaridan yashirilgan kelishuv sifatida baholadi. 112-modda bo‘yicha esa ishdagi audioyozuv ekspertiza orqali Sanjar Karimovga tegishli ekani aniqlangani va jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmalarida undan qo‘rqqani haqida ma’lum qilganiga urg‘u berildi. 273-modda bo‘yicha prokuror tintuv sud ruxsati bilan o‘tkazilgani, tintuv vaqtida xolislar va advokat ishtirok etganini aytdi. Shuningdek, palto ichidan aniqlangan moddalarga Karimovning DNK izlari topilgani haqidagi ekspertiza xulosasiga e’tibor qaratdi.

Prokurorning qayd etishicha, Karimov giyohvandlikdan majburiy davolanishga muhtoj emasligi aniqlangan. Biroq ayblov «sotish» emas, balki giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadida saqlash bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, prokuror birinchi instansiya hukmining tavsif qismida giyohvandlik moddalarining turi va miqdori ko‘rsatilmaganini qayd etdi. Unga ko‘ra, bu ma’lumotlar ekspertiza davomida aniqlangan. Prokuror hukmni o‘zgarishsiz qoldirishni, faqat hukmning tavsif qismida moddalar turi va miqdorini ko‘rsatishni so‘radi.

«Shartnoma haqiqiy kelishuvni aks ettirmaydi»

Uy bilan bog‘liq epizod bo‘yicha jabrlanuvchi Olimboyevaning advokati oldi-sotdi shartnomasi rasmiy imzolanganining o‘zi yetarli emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, asosiy masala shartnoma tomonlarning haqiqiy irodasini aks ettirgan yoki aks ettirmaganida. Advokat sudda Sanjar Karimov jabrlanuvchining uyini ko‘rmagani, uy qiymati baholanmagani va shartnomada uyning haqiqiy qiymati ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, uning aytishicha, Rismatov uy egasi nomidan pul olish vakolatiga ega bo‘lmagan. Pul Karimov tomonidan Rismatovga berilgan, mulk egasi esa ushbu mablag‘ni olmagan. Ishdagi audioyozuvlar ham tomonlarning asl kelishuvi uy sotish emas, vaqtinchalik garov bo‘lganini ko‘rsatadi, degan pozitsiya bildirildi.

Advokat birinchi instansiya sudining 168-modda bo‘yicha bergan huquqiy bahosini to‘g‘ri deb hisoblashini aytib, shu bilan birga jabrlanuvchining Karimovga nisbatan da’vosi yo‘qligini inobatga olib, unga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.

«Suddan bu bolani kechirishingizni so‘rayman» — jabrlanuvchi Olimboyeva

Muzokaralarning eng e’tiborli qismlaridan biri jabrlanuvchi Olimboyevaning nutqi bo‘ldi. U voqealarga ikki yil bo‘lgani, shu vaqt davomida oilasi bilan tahdid, tuhmat va qo‘rquvni boshdan kechirganini aytdi. Biroq uyining o‘ziga qaytarilgani, shu sababli Karimovga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi.

«Sanjar Karimovning ham oilasi bor, bola-chaqasi bor»,— deya u suddan Karimovni kechirishni so‘radi.

Jabrlanuvchi uning o‘z oilasiga qaytib, hayotini yangidan boshlashini istashini aytdi. Uning fikricha, yuz bergan voqealar barcha tomonlar uchun saboq bo‘lgan.

Yana bir advokat: Rahmatullayevaga qo‘yilgan ayblovga e’tiroz bildirildi

Jabrlanuvchi Rahmatullayevaning advokati esa uning Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgani va 8,5 mln so‘m jarima tayinlanganiga to‘xtaldi. Himoyachi Rahmatullayeva farzandi uchun xavotirda bo‘lgani, tahdidlar sabab uyidan chiqib ketib, vaqtincha boshqa joyda yashaganini aytdi. U tergov jarayonida ayrim murojaatlarga yetarli baho berilmagan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Advokat suddan ishdagi barcha dalillarning maqbulligiga Oliy sud Plenumining tegishli qarorlaridan kelib chiqib huquqiy baho berishni so‘radi va hukmni o‘zgartirish, o‘zgartirmaslik masalasini sudga havola qilishini aytdi.

«Uyni egalariga qaytardim» — Sanjar Karimov

Muzokaralarning yakunida Sanjar Karimov o‘z nutqida birinchi navbatda uyni egalariga qaytarganini ta’kidladi. Karimovning aytishicha, u uyni qaytarish haqida sudgacha ham va’da bergan va bu va’dasini bajargan. Karimov o‘zini ayblovlardan oqlash uchun ishdagi hujjatlar va ko‘rsatmalarga e’tibor qaratdi. Uning talqiniga ko‘ra, u notariusga uy egalarini ilgari ko‘rmagan holda borgan va o‘zini pul beruvchi — kreditor sifatida ko‘rgan. U Rismatov unga uyning amakisiga tegishli ekanini aytgani, Rismatov esa tadbirkorlik faoliyati uchun pul olishi kerak bo‘lganini ta’kidladi.

Karimov, shuningdek, ishdagi dastlabki ko‘rsatmalarga e’tibor qaratib, jabrlanuvchi tomon Rismatovning tadbirkorlik uchun pul olayotganini bilganini ko‘rsatishga urindi. Unga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishuv ham Rismatovning pul olishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Karimov o‘z nutqida o‘zini jabrlanuvchilar bilan sherik bo‘lgan shaxs emas, balki Rismatovga pul bergan kreditor sifatida ko‘rsatdi. U suddan o‘zining aybsizligini inobatga olishni so‘radi. Nutqining yakunida Sanjar Karimov sud jarayoni uning uchun nihoyatda og‘ir kechayotganini aytdi.

«Men uchun esa bu ertangi kunim, haftalarim, oylarim hal bo‘ladigan kun. Shuning uchun men biroz asabiylashyapman»,—  dedi u sudda.

Sudya Karimovga yozma nutqini taqdim etish imkonini berdi. Unga qo‘shimcha hujjatlarni 21-avgust kuni soat 16:00 gacha taqdim etish muddati belgilandi. Shu tariqa, Sanjar Karimovga oid jinoyat ishining apellyatsiya instansiyasidagi taraflar muzokarasi yakunlandi.

Keyingi sud majlisida sudlanuvchi Sanjar Karimovga so‘nggi so‘z beriladi.

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 39

Барчаси

Мавзуга оид