Sanoat rejasiga chiqa olmagan 13 hokim jazolanadi

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish uchun 30 million dollar grant jalb qilish topshirildi.

Sanoat rejasiga chiqa olmagan 13 hokim jazolanadi © Президент матбуот хизмати

Bugun, 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sanoat rejasiga chiqa olmagan tuman hokimlari tanqid qilindi.

Bular Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlaridir. Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasini ko‘rish topshirildi.

Misni qayta ishlash va elektrotexnika eksporti

Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga 7,8 foizga, eksport rejasi bor-yo‘g‘i 57 foizga bajarildi.

Elektrotexnika eksporti uchun 100 million dollar resurs berib, aylanma mablag‘ga garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi, eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportini moliyalashtirish, investitsiya loyihasi bo‘yicha qanday masalasi bo‘lsa, joyida hal qilish topshirildi.

Umuman, ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion so‘mga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Progressiv usullar

Yig‘ilishda qayd etilishicha, ko‘p davlatlar mahsuloti raqobatdosh bo‘lishi uchun sanoat va servisda «Kayzen», «lean priduction» kabi resurs samaradorligi va mehnat unumdorligini oshiradigan progressiv usullarni qo‘llamoqda. Mamlakatdagi 50 ga yaqin tadbirkorlar buni chet elda ko‘rib kelib, korxonasida joriy qilishni boshladi.

«Lekin, bu kam. To‘qimachilik, qurilish materiali, elektrotexnika, mebel kabi drayver sohalardagi uyushmalar nega buni ommalashtirishni o‘ylamaydi? Tadbirkorga tushuntirib, «diagnostika» xarajatining bir qismi qoplab berilsa, unumdorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratsa bo‘ladi-ku!» – dedi prezident.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or dasturlarni joriy qilish, bunga 30 million dollar grant jalb qilish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид