Semizlik va 2-turdagi qandli diabetga qarshi «Sejaro» preparati O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
JSST hamda Sanepidqo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda katta yoshli aholining 64 foizi ortiqcha tana vazniga ega, har beshinchi kishi esa semizlikdan aziyat chekadi.

O‘zbekistonda semizlik va 2-turdagi qandli diabetni davolash uchun mo‘ljallangan birinchi tirzepatid — «GEROPHARM» kompaniyasining «Sejaro» preparati davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Preparat Amerikaning «Eli Lilly» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, 2025-yilda dunyoda eng ko‘p sotilgan dori vositasiga aylangan original «Mounjaro» preparatiga to‘liq bioekvivalentdir.

avlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasining olinishi «Sejaro» preparatini O‘zbekiston bozoriga chiqarish hamda bemorlar uchun tirzepatid asosidagi semizlik va 2-turdagi qandli diabetni zamonaviy davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Preparatning faol moddasi bo‘lgan tirzepatid — ikki asosiy inkretin gormoni retseptorlarini faollashtiradi, ochlik hissini kamaytiradi, yuqori kaloriyali oziq-ovqatga bo‘lgan ishtiyoqni pasaytiradi, tana vaznining kamayishiga, visseral yog‘ to‘qimasi hajmining kamayishiga va bel aylanasining kichrayishiga yordam beradi. Preparat teri ostiga yuborish uchun mo‘ljallangan eritma bilan to‘ldirilgan shprits-ruchka shaklida ishlab chiqariladi va olti xil dozada taqdim etiladi: 2,5 mg, 5 mg, 7,5 mg, 10 mg, 12,5 mg va 15 mg. Preparat haftada bir marta qo‘llaniladi, dozani oshirish esa shifokor tavsiyasiga ko‘ra bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Tibbiyot mutaxassislarining alohida e’tibori tirzepatidning visseral yog‘ to‘qimasiga ta’siri bilan bog‘liq. U organizm uchun eng xavfli yog‘ turlaridan biri bo‘lib, ichki a’zolar atrofida to‘planadi va 2-turdagi qandli diabet, arterial gipertenziya hamda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini oshiradi. Xalqaro klinik tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, tirzepatidni qo‘llash qandli diabet kasalligi bo‘lmagan bemorlarda 72 hafta davomida tana vaznining 22,5 foizgacha kamayishiga hamda bel aylanasining o‘rtacha 14,6 santimetrga kichrayishiga olib kelgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Sanepidqo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda katta yoshli aholining 64 foizi ortiqcha tana vazniga ega, har beshinchi kishi esa semizlikdan aziyat chekadi. 1980-yildan buyon mamlakatda semizlikning tarqalish darajasi 36 foizga oshgan bo‘lib, bu mintaqadagi eng yuqori o‘sish holatlaridan biridir. Semizlik surunkali kasallik bo‘lib, 2-turdagi qandli diabet, yurak-qon tomir hamda boshqa yuqumli bo‘lmagan kasalliklar rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshiradi.





