Logo

Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, qator yangi tashabbuslarni muhokama qildi

Uchrashuvda IT yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash va milliy pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, qator yangi tashabbuslarni muhokama qildi © Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Norasmiy muhitda o‘tgan suhbat davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirish jarayonlari va ularni hayotga tatbiq etishda vatandoshlarning qo‘shayotgan hissasi muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator ilg‘or takliflarni ilgari surishgan.

Texnologiyalar integratsiyasi va madaniy aloqalar

Ma’lum qilinishicha, muloqot davomida milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni joriy etish, milliy to‘lov tizimlari va pul o‘tkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha ham aniq takliflar o‘rtaga tashlangan. Xususan, Koreya Respublikasida O‘zbekiston madaniy markazlari tarmog‘ini kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganish dasturlarini rivojlantirish, ikki mamlakat hududida turli madaniy tadbirlarni o‘tkazish hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish masalalari muhokama qilingan.

«Davlat muloqotga doimo ochiq»

Davlat rahbari vatandoshlarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun minnatdorlik bildirib, ularning har bir tashabbusi batafsil o‘rganilishini va eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuvda qatnashgan professorlar, tadbirkorlar, faollar va talabalarga o‘qishda va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatlar tilab, davlat ular bilan muloqotga doimo ochiqligini hamda vatandoshlarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, uchrashuv ishtirokchilari yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va orzu-niyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, o‘z bilim va g‘ayratini Vatan farovonligi yo‘lida safarbar etishga hamisha tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Теглар

Мавзуга оид