Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon shahridagi «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishdi

Mazkur massiv Shavkat Mirziyoyevning ikki yil avval Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilmoqda, loyihaga jami 1 trillion 850 milliard so‘m yo‘naltirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon shahridagi «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishdi © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi «Yangi O‘zbekiston» massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda aholining yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik andozalarini hududlarga olib kirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massivlari xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri bo‘lmoqda.

Qadimiy Qo‘qon shahrida qad rostlayotgan yangi massiv ham nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini o‘zgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.

Qo‘qon azaldan aholi zich yashaydigan, tadbirkorlik rivojlangan shaharlardan biri. Shu bois, bu yerda turar joyga bo‘lgan talab yil sain ortib bormoqda. Eskirgan infratuzilma va cheklangan yashash maydonlari shaharni yangi asosda kengaytirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning ikki yil avval Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida bunyod etilayotgan mazkur massiv aynan shu ehtiyojga amaliy yechim bo‘lmoqda. Bu yerda oilalar zamonaviy va barcha qulayliklarga ega xonadonlar bilan ta’minlanmoqda.

Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga mo‘ljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda. 84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy o‘quv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Bu ishlar yangi massiv aholisi uchun uyidan uzoqlashmagan holda ishlash, ta’lim olish, savdo va xizmatlardan foydalanish, mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirildi. Tayyor ta’mirli xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlang‘ich to‘lov asosida, yillik 16 foiz stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.

Davlat rahbari yangi xonadonlardan biriga kirib, yaratilgan sharoitlar va jihozlanishi bilan tanishdi. Massivning ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu yerda shakllanayotgan yangi muhit odamlarning dunyoqarashi, hayot sifati va turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Farg‘onalik nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Ular ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari ta’minlanayotgani, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar, yangi korxonalar va tadbirkorlik imkoniyatlari aholi hayotini o‘zgartirayotganini ta’kidladi. Nuroniylar bu ishlar yurtda to‘kinlik, farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlayotganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Shu yerning o‘zida Prezident «Yangi O‘zbekiston» massivining ikkinchi bosqichi hamda Qo‘qon shahrini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.n

Теглар

Мавзуга оид