Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi yakunlandi

Vashington aeroportida davlat rahbari va rafiqasini AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi yakunlandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi yakunlandi. Davlat rahbari Vashington shahrida o‘tgan Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etib, G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash va mintaqada barqaror tinchlikni ta’minlash bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.

Tashrif doirasidagi uchrashuvlar

Tashrif doirasida Prezident AQSH ma’muriyatining qator yuqori martabali vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, AQSH savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. 

Suhbatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi va qo‘shma investitsiya loyihalari taqdimoti tashkil etildi. Tadbirda AQSH hukumati, yetakchi kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi. Videoaloqa orqali O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashib, hududiy loyihalar bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Muzokaralar chog‘ida sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, energetika va moliya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

«Tinchlik kengashi»ning sammiti

19-fevral kuni Vashingtonda o‘tkazilgan «Tinchlik kengashi»ning inauguratsiya sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Prezident nutqida O‘zbekiston G‘azoda uy-joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurishga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.

Donald Tramp sammitda Shavkat Mirziyoyevni «do‘stim» deb atadi. Shuningdek, u G‘azoga yordam paketi uchun jami 7 mlrd dollar ajratgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham borligini aytdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi. Vashington aeroportida davlat rahbari va rafiqasini AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm hamda boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

SEO title:

Meta description:

Теглар

Мавзуга оид