Logo

SSV 440 mln so‘mlik ortiqcha to‘lovlar bo‘yicha izoh berdi

Sirdaryo va Jizzaxdagi ayrim tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxlari noto‘g‘ri hisoblangani oqibatida fuqarolardan 440 million so‘m ortiqcha mablag‘ undirilgan.

SSV 440 mln so‘mlik ortiqcha to‘lovlar bo‘yicha izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy boshqarmalari tekshiruvlari natijalariga oid xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar davomida 2023–2025 yillarda ayrim tibbiyot muassasalarida pulli tibbiy xizmatlar narxlarini shakllantirish jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Natijada fuqarolardan jami 440 million so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ undirilgan.

Muammo nimadan kelib chiqqan?

Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur davrda pulli tibbiy xizmatlar narxlari 2017 yilda tasdiqlangan nizom asosida hisoblangan.

Hujjatda xizmat tannarxiga kiritiladigan xarajatlar belgilangan bo‘lsa-da, ularning ayrimlarini bevosita yoki bilvosita xarajatlar tarkibiga kiritish bo‘yicha aniq me’yorlar yetarli darajada belgilanmagan.

Shu sababli tibbiy xizmatlar tannarxini hisoblashda turlicha yondashuvlar qo‘llanilgan. Bu esa ayrim xizmatlar narxiga ortiqcha xarajatlar kiritilishiga olib kelgan.

Yangi tartib joriy etilgan

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda aniqlangan xato va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgan. Pulli tibbiy xizmatlar tariflari Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11-noyabrda qabul qilingan 718-sonli qarori talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqilgan.

«Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar ko‘rsatish, tariflarni shakllantirish, hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish hamda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda», — deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид