Talabalarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi
Har 2 mlrd so‘mlik kredit evaziga kamida ikki nafar yoshni ish bilan ta’minlash hamda ularga eng kam ish haqining ikki baravaridan kam bo‘lmagan maosh to‘lash talab etiladi.

O‘zbekiston prezidentining «Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda belgilanishicha, «Yoshlar biznesi» va «Kelajakka qadam» dasturlarining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Uch yil davomida 300 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olinib, qariyb 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat, xizmat ko‘rsatish va o‘zini o‘zi band qilish sohalarida yoshlarning biznes tashabbuslarini moliyalashtirish tizimi kengaytiriladi.
«O‘zmilliybank» AJ tomonidan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida «Kelajak tadbirkorlari» loyihasi amalga oshiriladi va biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan 31 yoshga to‘lmagan talaba va yoshlarga 2 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi.
«Kelajak tadbirkorlari» loyihasi
O‘zini o‘zi band qilgan va biznesga ilk qadam qo‘ymoqchi bo‘lganlarga 6 oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha garovsiz 20 mln so‘mgacha;
Zarur biznes ko‘nikmaga ega bo‘lib, tadbirkorlik subekti sifatida mustaqil biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga 1 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 300 mln so‘mgacha;
Tadbirkorlik subekti sifatida mustaqil biznes boshlagan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshlarga 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 2 mlrd so‘mgacha.
Tadbirkorlarga ajratiladigan kredit
Bundan tashqari, talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Har ikki mlrd so‘mlik kredit uchun kamida ikki nafar talaba yoki ishsiz yosh ishga qabul qilinishi shart. Agar mazkur xodimlar bilan mehnat shartnomasi ikki yil ichida bekor qilinsa, kredit bo‘yicha imtiyozli stavka tijorat stavkasiga o‘zgarishi belgilangan. Shu bilan birga, ishga qabul qilingan yoshlarning ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmasligi talab qilinadi.
Avvalroq «Yoshlar biznesi» dasturi doirasida «Aloqabank» tomonidan 31 yoshga to‘lmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratilishi haqida ma’lumot bergan edik.





