Taqiqdagi uylarga propiskaga o‘tishga ruxsat beriladi, lekin bir shart bilan
O‘zbekistonda 2027-yildan ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik uchun jarima bekor qilinadi. Meros uylarni sotishda soliq imtiyozlari va taqiqdagi uylarga propiskaga qo‘yish bo‘yicha yangi tartiblar tasdiqlandi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda ko‘chmas mulkni vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaganlik uchun ma’muriy jarimalar bekor qilinadi hamda garovdagi uylarga propiskaga qo‘yish tartibi yengillashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15-iyuldagi qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi hamda Kadastr agentligining taklifiga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaganlik uchun ma’muriy jarima solish tizimi bekor qilinadi. Buning o‘rniga kechiktirilgan muddatdan kelib chiqib ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oshirilgan stavkada to‘lov undiriladigan tizim joriy etiladi. Bunda oshirilgan stavkalarda to‘lov undirishning eng ko‘p miqdori belgilangan ma’muriy jarima miqdoridan oshib ketmasligi ta’minlanadi.
Soliq imtiyozi va propiskadagi yengilliklar
Shuningdek, soliq to‘lovchiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joy meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan bo‘lsa, uni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddat endi vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanishi belgilandi.
Bundan tashqari, qarorga asosan garovga qo‘yilgan yoki xatlovda (taqiqda) bo‘lgan turar joyga garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi. Buning uchun ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxs mulkdorning, garovga oluvchining yoki taqiqni qo‘yishga mas’ul organning ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi bekor qilinishiga avvaldan rozilik berishi zarur bo‘ladi.





