«Tashabbusli budjet» ovozlari uchun pul berilmaydi - vazirlik

Бугун 09:001 дақиқа

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ovoz uchun pul va’da qilingani, ammo mablag‘lar berilmagani bo‘yicha fuqarolardan yuzlab murojaatlar kelib tushgan.

«Tashabbusli budjet» ovozlari uchun pul berilmaydi - vazirlik

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram botlari orqali «Tashabbusli budjet» jarayonlarida ovoz berish evaziga pul mukofotlari taklif etish holatlari keng tarqaldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarni bunday xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.

Vazirlikka ko‘ra, va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha fuqarolar tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuzlab murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu holatda uchinchi shaxslar loyihalarga ovoz to‘plash maqsadida pul mablag‘lari yoki moddiy qiymatiliklar va’da qilgan holda fuqarolardan ovoz to‘plab, keyinchalik mukofotlarni bermasligi holatlari kuzatilmoqda.

«Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, «Tashabbusli budjet» jarayonlarida ovoz berish faqatgina «Ochiq budjet» axborot portali, portalning Android va iOS tizimlarida ishlovchi mobil ilovalari hamda Telegramdagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Bunda, amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov talab etilmasligi bilan bir qatorda hech qanday moddiy rag‘batlantirishlar ham nazarda tutilmagan», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ovoz berish jarayoni 20-mart kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Vazirlik shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga taqdim etmaslikka va firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirdi.

Теглар

Мавзуга оид