To‘lash tartibi qat’iylashayotgan yo‘lkira haqi, xalqaro zaxiralari kamaygan O‘zbekiston, hududi kengayotgan Samarqand, korrupsiya ko‘p idoralar — 9-avgust dayjesti
O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Endi avtobusga chiqqan zahoti yo‘lkira haqini to‘lash shart bo‘ladi
2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan barcha shahar avtobuslarida to‘lov qoidalari qat’iylashadi.
Yangi tartibga ko‘ra yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashlari shart. Yo‘lkira haqi transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, shuningdek bank kartasi, smartfon va boshqa kontaksiz to‘lov vositalari orqali to‘lanadi.
Agar yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa (yoki imtiyozini tasdiqlatmagan), yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi va bu jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari yil boshiga nisbatan 4,52 foizga kamaydi
O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra 64,3 milliard dollarga yetdi. Yil boshida bu ko‘rsatkich 66,3 milliard dollar, iyul boshida esa 63,76 milliard dollar edi. Demak, avgust oyida xalqaro zaxiralar oldingi oyga nisbatan 0,72 foizga oshgan, 2026-yil boshiga nisbatan esa 4,52 foizga kamaygan.
4 ta tumanning 17,2 ming gektar yeri Samarqand shahriga beriladi
Samarqand viloyatidagi 4 ta tumandan jami 17 226,5 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra, Samarqand tumanining 13 ming 308 gektar, Oqdaryo tumanining 1410,6 gektar, Toyloq tumanining 1265,6 gektar va Past Darg‘om tumanining 1242,3 gektar hududida viloyat markazi tasarrufiga o‘tkaziladi. Ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumani tugatiladi.
O‘zbekistonda korrupsiya eng ko‘p uchraydigan sohalar ma’lum bo‘ldi
Mamlakatda o‘tgan yili korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning eng ko‘pi maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7517 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trln so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.
O‘zbekistonda arzon dron-interseptor ixtiro qilindi
O‘zbekistonda xavfli dronlarni aniqlash va zararsizlantirish uchun mo‘ljallangan «Shunqor-88» tutib oluvchi droni ishlab chiqildi.
Ishlab chiquvchilar ushbu loyihaning asosiy afzalliklaridan biri sifatida uning narxini ko‘rsatmoqda. Ularning bahosiga ko‘ra, bitta «Shunqor-88»ni ishlab chiqarish 20–50 ming dollar turishi mumkin. Taqqoslash uchun, ishlab chiquvchilar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bitta havo mudofaasi raketasining narxi 2–5 million dollar atrofida. Shunday qilib, yangi ixtiro dronlarga qarshi kurashishning ancha arzon vositasi sifatida taqdim etilmoqda. Qurilmaning taxminan 45 foizi mahalliylashtirilgan.





