Logo

To‘qqiz oy davomida birjada eng qimmat mobil raqam 317 mln so‘mga sotildi

Кеча 08:553 дақиқа

Onlayn-auksionlarda qariyb 5 mingta raqam sotilgan. Respublika tovar-xom ashyo birjasining ma’lum qilishicha, bitimlarning umumiy hajmi qariyb 30% ga oshgan.

To‘qqiz oy davomida birjada eng qimmat mobil raqam 317 mln so‘mga sotildi © UzEx

UZEXda bitimlar hajmi 29 foizga oshdi, tashqi savdo uch baravar ko‘paydi

2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida tovar-xom ashyo birjasida savdolar faollashdi. Davlat xaridlari, suyultirilgan gaz va mobil raqamlar savdosida ham o‘zgarishlar kuzatildi.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) 2026 yilning yanvar–sentabr oylari yakunlarini e’lon qildi. Hisobot davrida birja savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga oshgan. Tashqi savdo bitimlari esa uch baravardan ortiq ko‘payib, 646,6 mln AQSH dollariga yetgan.

Bu haqda 30-oktabr kuni UZEX markaziy ofisida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Birjada 1,7 milliondan ortiq bitim tuzildi

Hisobot davrida birjada 1,7 milliondan ortiq bitim tuzilgan va 27,6 mingdan ziyod yangi mijoz ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Savdo yo‘nalishlari kesimida birja savdolari hajmi 31 foizga, elektron davlat xaridlari 32 foizga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari esa 68 foizga oshgan.

Birja savdolarida eng katta ulush qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan — 30 foiz. Keyingi o‘rinlarda yoqilg‘i-energetika mahsulotlari (29 foiz), qora va rangli metallar (22 foiz), kimyo va neftkimyo mahsulotlari (11 foiz), qurilish materiallari (8 foiz) qayd etilgan.

Suyultirilgan gaz narxi 10 foizga arzonlashdi

2026 yil yanvar–sentabr oylarida elektron birja savdolari orqali 312,8 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foiz ko‘p.

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida suyultirilgan gazning o‘rtacha narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha pasaygan. Bu 10 foizlik arzonlashuvni anglatadi.

Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan davrda birja orqali jami 9 471,8 kilogramm qimmatbaho metall sotilgan. Uning 8 840,9 kilogrammini oltin, 630,9 kilogrammini esa kumush tashkil etgan. Oltinning birjadagi o‘rtacha narxi bir gramm uchun 1,637 mln so‘m bo‘lgan.

Davlat xaridlarida 6,8 trln so‘m tejaldi

Elektron davlat xaridlari sohasida yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, «Xarid» elektron savdo tizimi orqali budjet va korporativ buyurtmachilarning 6,8 trln so‘m mablag‘lari tejalgan.

Shu bilan birga, davlat xaridlari bo‘yicha «Xarid» elektron savdo tizimining yangi versiyasi ishga tushirilgan. Undan new-xarid.uzex.uz manzili orqali foydalanish mumkin.

Yangilangan platformada savdo turlari bo‘yicha qidiruv mexanizmlari takomillashtirilgan, tovarlar va xizmatlar narxlarini tahlil qilish vositalari joriy etilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari integratsiya qilinib, foydalanuvchilarga savollari bo‘yicha real vaqt rejimida javob olish imkoniyati yaratilgan.

Xarid jarayonlarini takomillashtirish doirasida markazlashgan xaridlar mexanizmi hamda farmatsevtika sohasiga ixtisoslashtirilgan farma.uzex.uz elektron platformasi ham ishga tushirilgan.

UZEX ma’lum qilishicha, davlat xaridlari tizimida sun’iy intellekt joriy etilishi natijasida tadbirkorlar tomonidan elektron va milliy do‘konlarda joylashtiriladigan e’lonlarni moderatsiya qilish va baholash jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Bu e’lonlarni qayta ishlash tezligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mobil raqamlar 317 mln so‘mgacha sotildi

Birjaning mobilraqam.uzex.uz platformasida onlayn-auksionlar orqali qariyb 5 mingta mobil raqam sotilgan.

Ularning 96 foizi jismoniy shaxslar, 4 foizi esa yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan raqamlar narxi 31,5 ming so‘mdan 317,2 mln so‘mgacha bo‘lgan.

«Mobilraqam» platformasining imkoniyatlari ham kengaytirilgan. Endi ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar uyali aloqa operatorini tanlab, mobil raqam xarid qilish uchun elektron ariza topshirishi mumkin.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga o‘zlariga tegishli mobil raqamlarni onlayn-auksion yoki «Tezkor bitim» mexanizmi orqali sotish imkoniyati yaratilgan.

Теглар

Мавзуга оид