Toshkent atrofida 1 mlrd dollarlik ikki qavatli pulli yo‘l qurilishi mumkin
Toshkent atrofida uzunligi 100 kilometr bo‘lgan ikki qavatli pulli aylanma yo‘l qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin.
© Ijtimoiy tarmoqlarToshkent shahri atrofida qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan, uzunligi 100 kilometrlik ikki qavatli pulli aylanma avtomobil yo‘li qurilishi mumkin. Loyiha Xitoyning China Railway Construction kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining poytaxtda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va saqlash holatiga bag‘ishlangan qarorida ma’lum qilingan.
Toshkent shahar hokimligi izohiga ko‘ra, hozircha xorijiy kompaniyalar bilan yakuniy investitsiya kelishuvlari emas, balki hamkorlikni nazarda tutuvchi memorandumlar imzolangan. Shu bois barcha loyihalar muhokama bosqichida turibdi.
Bir nechta yirik loyiha muhokamada
Hujjatga ko‘ra, China Railway Construction bilan poytaxt atrofida ikki qavatli pulli aylanma yo‘l qurish loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning qiymati 1 milliard dollarga baholangan. Hozircha uning texnik parametrlari va amalga oshirish muddatlari ochiqlanmagan.
Shu bilan birga, Xitoyning SINO-Hunan kompaniyasi bilan ham qiymati 1 milliard dollarlik infratuzilma loyihasi bo‘yicha memorandum imzolangan.
Ushbu loyiha doirasida 7 ta tunnel, 5 ta yo‘lo‘tkazgich, 16 ta ko‘chada 57 kilometrlik BRT (tezkor avtobus) yo‘laklari, shuningdek, 279 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Boshqa bir memorandumga muvofiq, China Construction kompaniyasi 500 million dollarlik sarmoya hisobiga 3 ta yo‘lo‘tkazgich, 4 ta kemping hududi barpo etishi va 27 kilometr yo‘lni kapital ta’mirlashi mumkin.
Shuningdek, Shanghai Construction bilan 100 million dollarlik loyiha muhokama qilinmoqda. Unda kemping markazi qurish hamda 7,7 kilometr yo‘lni ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Yangi aeroportga pulli magistral ham rejada
Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar bu bilan cheklanmaydi. Xinjiang Hui'er Agricultural kompaniyasi bilan yo‘l bo‘yi hududlarini landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ham dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
Eslatib o‘tish joiz, may oyida Toshkent shahar hokimligi China Railway Construction Corporation bilan poytaxt atrofida uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan pulli aylanma yo‘l qurilishini muhokama qilayotganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, tomonlar Toshkent markazini qurilishi rejalashtirilayotgan «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti bilan bog‘laydigan pulli avtomagistral loyihasini ham ko‘rib chiqqan.
Bundan tashqari, shaharni kompleks renovatsiya qilish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ijtimoiy obyektlar qurish va qurilish hamda maishiy chiqindilarni qayta ishlash poligonini barpo etish masalalari ham muzokaralar kun tartibidan o‘rin olgan.
Hozircha mazkur tashabbuslarning barchasi dastlabki kelishuvlar bosqichida bo‘lib, ularni amalga oshirish bo‘yicha yakuniy qarorlar va investitsiya shartlari keyingi muzokaralar jarayonida belgilanishi kutilmoqda.





