Logo

Toshkent metrosiga yana 3 ta yangi poyezd olib kelindi

Бугун 09:152 дақиқа

2026 yil oxirigacha Toshkent metropoliteniga yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.

Toshkent metrosiga yana 3 ta yangi poyezd olib kelindi

Toshkent metropoliteniga yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli harakat tarkibi olib kelindi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi poyezdlarni liniyalarga chiqarish poyezdlar harakati intervalini qisqartirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash hamda xizmat muddati uzoq bo‘lgan eski harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich zamonaviy poyezdlar bilan almashtirish imkonini beradi.

Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, yangi harakat tarkiblari tashish quvvatini oshirish, harakat jadvalining barqarorligini ta’minlash va kun sain ko‘payib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga samarali xizmat ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi.

Yana 11 ta poyezd

Metropolitenni modernizatsiya qilish ishlari kelgusi oylarda ham davom ettiriladi. Rasmiy rejaga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteni parkiga yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibi olib kelish ko‘zda tutilgan.

Bu orqali poytaxt metrosida poyezdlar soni ko‘payishi, harakat intervali yanada qisqarishi va yuklama yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xizmat sifati oshishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning 1-sentabriga qadar Toshkent shahri jamoat transporti hamda shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning integratsiyalashgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartibga ko‘ra, shahar atrofidan qatnovchi yo‘lovchilar uchun jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish maqsadida maxsus jozibador tarif rejalari joriy qilinadi. Xususan, yo‘lovchilar «elektropoyezd-avtobus» hamda «elektropoyezd-metro» yo‘nalishlarida uzluksiz va arzonlashtirilgan to‘lov tizimidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид