Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘lidagi 14 ta bekat qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi
Tekshiruv metroning «Turon» bekatida shift qulaganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi.

Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida 17−19-iyul kunlari poyezdlar harakati soat 06:00 dan 22:30 gacha amalga oshiriladi. Bu haqda poytaxt metropoliteni matbuot xizati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu davrda yo‘nalishdagi 14 ta bekatning konstruktiv va texnik holati mutaxassislar tomonidan batafsil tekshiriladi.
Profilaktik tadbirlar metropoliten infratuzilmasining ishonchli faoliyatini ta’minlash, uning texnik holatini chuqur tahlil qilish hamda yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Metropoliten vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.
Ma’lumot uchun, kecha, 16-iyul kuni Toshkent yer usti metrosi «Turon» bekatining shift qismi qulab tushgandi. Hodisa oqibatida ikki yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida «Qipchoq» va «Quruvchilar» metro bekatlari oralig‘ida bepul metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgandi.





