Toshkent viloyatida narkotik modda tashiyotganlar ushlandi
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 5 kilodan ortiq opiy moddasini olib ketayotgan ikki nafar yigit qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati ma’lum qilishicha, Samarqand shahrida yashovchi, 2001 va 2002 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro avvaldan tezkor kuzatuvga olingan. Ular Toshkent viloyati hududida narkotik moddani tashish vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida gumonlanuvchilardan jami 5 kilogramm 160 gramm opiy moddasi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
DXX fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. Idora bunday holatlar aniqlangan taqdirda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkinligini bildirdi. Shuningdek, murojaat qiluvchilarning shaxsi to‘liq sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida ham qo‘shni mamlakatdan kelgan yuk avtomashinasining g‘ildirak qismiga yashirilgan qariyb 5 kilogramm narkotik vosita aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





