Toshkentda Kreativ industriya parki barpo etiladi

Loyiha davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil etilib, uning hududida yashil bog‘, xalqaro maktab, kovorking markazi, studiyalar va dam olish hududlari barpo etiladi.

Toshkentda Kreativ industriya parki barpo etiladi © Фото: t.me/Press_Secretary_Uz

Toshkentda davlat-xususiy sherikchiligi asosida Kreativ industriya parki tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan PQ-64-sonli qarorida belgilab berildi.

Hujjatga muvofiq, 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga, ya’ni 145 trillion so‘mga yetkaziladi. Shuningdek, kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksporti 1 milliard dollardan oshirilishi rejalashtirilgan.

Qaror doirasida sohada yaratiladigan ish o‘rinlari soni 500 mingtaga yetkaziladi. Bu kreativ yo‘nalishlarni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirishni nazarda tutadi.

Toshkent shahridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga tegishli hudud negizida 2026–2027 yillarda Kreativ industriya parki infratuzilmalari davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi. Park zamonaviy jamoat makoni sifatida tashkil qilinib, 24 soat faoliyat yuritadi.

Loyiha doirasida sayr va dam olish hududlari, art-obyektlar va monumental san’at asarlari joylashtirilgan yashil bog‘ barpo etiladi. Shuningdek, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida xalqaro maktab, kovorking markazi, ekologik ofislar, ijodkorlar pavilyoni va kreativ ustaxonalar quriladi.

Park hududida kino va videomahsulot ishlab chiqarish zonalari, ovoz yozish studiyalari, buk-kafe, sport va vorkaut maydonchalari hamda mehmonxona joylashtirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ijodkorlar va kreativ kompaniyalar uchun ekologik kampus tashkil etiladi.

Loyiha xavfsizlik, inklyuzivlik va ekologik tozalik talablariga mos holda amalga oshirilib, poytaxtda kreativ muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 12-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yangilash hamda yangi kreativ maydonlar tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishib chiqqan edi.

Теглар

Мавзуга оид