Toshkentda noto‘g‘ri parkovka qilingan mashinalar jarima maydonchasiga olib ketilyapti
Toshkentda piyodalar yo‘laklari, bekatlar va yashil hududlarda qoldirilgan avtomobillar endi jarima maydonlariga olib ketiladi.
© Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markaziToshkent shahrida to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillarga nisbatan qat’iy choralar joriy etiladi. Bu haqda Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Markaz xabariga ko‘ra, tartibli shahar muhitini shakllantirish ishlarining keyingi bosqichida noto‘g‘ri joyda qoldirilgan avtomobillar evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi.
Asosiy maqsad
Qayd etilishicha, poytaxtning turli hududlarida haydovchilar avtomobillarni piyodalar yo‘laklarida, piyodalar o‘tish joylari yaqinida, avtobus bekatlarida, yashil hududlarda hamda taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirishi tez-tez kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning erkin harakatlanishiga, jamoat transporti va maxsus texnikalar qatnoviga jiddiy xalaqit bermoqda.
Markaz ayniqsa keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar aravachasidagi ota-onalar uchun bunday holatlar katta noqulaylik tug‘dirishini ta’kidladi.
Rasmiylarga ko‘ra, yangi choralardan asosiy maqsad — ko‘chalarda tartibni ta’minlash, harakat xavfsizligini oshirish va jamoat joylarini aholi uchun xavfsiz hamda ochiq saqlashdan iborat.
Shu munosabat bilan haydovchilardan avtomobilni to‘xtatish yoki qoldirishda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, piyodalar va transport harakatiga to‘sqinlik qiluvchi joylarda mashina qoldirmaslik so‘raldi.





