Logo

Toshkentda yo‘lovchilarning 85 foizi jamoat transportidagi tiqilinchdan shikoyat qilgan

Бугун 15:165 дақиқа

Yo‘lovchilarning qariyb yarmi avtobus va metroda tiqilinchga duch kelmoqda. Bundan tashqari, transportni 20 daqiqadan ortiq kutadiganlar ham bor.

Toshkentda yo‘lovchilarning 85 foizi jamoat transportidagi tiqilinchdan shikoyat qilgan © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkentda jamoat transporti xizmatlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 85,4 foizi ertalab va kechki tig‘iz vaqtlarda avtobus hamda metroda haddan tashqari tiqilinch yuzaga kelishini qayd etgan. Bu haqda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi qarorida keltirilgan ma’lumotlarda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2026 yil oktabr oyida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali qariyb 3 ming respondent ishtirokida so‘rov o‘tkazilgan.

So‘rovda qatnashganlarning 60,5 foizi jamoat transportidan har kuni foydalanishini bildirgan. Respondentlarning 52 foizi so‘nggi ikki yil ichida poytaxt transport tizimida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholagan. Ishtirokchilarning 79 foizi esa jamoat transporti tizimini umuman olganda «qulay» yoki «juda qulay» deb hisoblagan.

Shu bilan birga, so‘rov natijalari yo‘lovchilar duch kelayotgan qator muammolarni ham ko‘rsatgan.

Xususan, ertalabki soat 07:00 dan 09:30 gacha hamda kechki 17:00 dan 19:30 gacha avtobus va metro yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimi keskin ortishi qayd etilgan.

Avtobus yo‘lovchilarining 47,5 foizi, metrodan foydalanuvchilarning esa 50,6 foizi eshiklar zo‘rg‘a yopilishi va yo‘lovchilarning bir qismi bekatlarda qolib ketishi holatlariga duch kelgan.

Bunday muammolar eng ko‘p Yangihayot (91,3 foiz), Yashnobod (89,8 foiz), Sergeli (88,3 foiz) va Uchtepa (87,5 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

Yana bir muammo — transportni kutish vaqti. Respondentlarning 32 foizi jamoat transportini 20 daqiqadan ortiq kutishini bildirgan.

Shuningdek, qatnov jadvallariga rioya qilinmasligi, avtobuslarning kechikishi, bir nechta avtobusning ketma-ket kelishi va dispetcherlik nazoratining sustligi ham yo‘lovchilar tomonidan ko‘tarilgan muammolar qatoridan joy olgan.

Ishtirokchilarning 46,9 foizi bunday kamchiliklar Uchtepa va Yashnobod tumanlarida ko‘proq uchrashini qayd etgan.

Avtobuslar kechikishiga transport vazirligi izohi

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning aytishicha, 2022 yilda yangi tizim joriy etilgan paytda avtobuslar oralig‘idagi intervalni 13 daqiqa atrofida ushlab turishga harakat qilingan bo‘lsa, hozir o‘rtacha interval 8–10 daqiqani tashkil etmoqda.

 «Ba’zi yo‘nalishlarda 12–14 daqiqa bo‘lishi mumkin, ba’zi yo‘nalishlarda esa 6–8 daqiqa. O‘rtacha interval 8–10 daqiqani tashkil etadi. Avvalgi davrdagi 20 daqiqa yoki yarim soatlab kutish holatlaridan voz kechildi», — dedi Omarov.

 Biroq matbuot anjumanida ayrim yo‘nalishlarda avtobuslarni uzoq kutish va bir nechta avtobusning bir vaqtda yetib kelishi holatlari ham muhokama qilindi. 

Vaqt.uz muxbiri Toshkentning markaziy hududlaridan uzoqlashgan sari avtobuslar oralig‘idagi interval uzayishi, ayrim yo‘nalishlarda kutish vaqti 13–15 daqiqaga yetishi, hatto avtobusni 23 daqiqa kutishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida savol berdi.

 

Avtobuslar oralig‘idagi intervallar nimaga bog‘liq?

Omarovning aytishicha, avtobuslar oralig‘idagi interval yo‘nalishning umumiy masofasi va unga ajratilgan avtobuslar soniga bog‘liq. Avtobuslar soni esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib belgilanadi.

 «Interval nimadan shakllanadi? Umumiy masofani o‘lchaymiz va shu yo‘nalishga qo‘yilgan avtobuslar sonini hisobga olamiz. Avtobuslar soni esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib belgilanadi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, Toshkentdagi 170 ta yo‘nalish orasida avtobuslar 15–16 daqiqada bir keladiganlari ham bor. Shu bilan birga, u 23 daqiqalik intervalga ega yo‘nalish mavjudligini tasdiqlamadi.

 

Eski avtobuslar va tirbandliklar ham ta’sir qiladi

Vazir o‘rinbosari avtobuslar kechikishining sabablaridan biri sifatida transport vositalarining texnik holatini ko‘rsatdi. Uning aytishicha, «Toshshahartransxizmat» tasarrufida turli yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslar bor. Ayrimlarining foydalanish muddati tugagani sababli ularda nosozliklar yuzaga kelishi mumkin.

«Eski avtobuslarda, masalan, bitta yo‘nalishga 10 ta avtobus qo‘yilgan bo‘lsa, ularning orasida buzilish holatlari bo‘lishi mumkin», — dedi Omarov.

Uning ma’lum qilishicha, avval avtobuslarda tashilgan yo‘lovchilar soni 600–900 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1,5 millionga yetgan. Yo‘lovchilar oqimining ortishi ham jamoat transportiga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

 Avtobuslar harakatiga yo‘llardagi tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalari ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, avariyadan keyin transport vositalari hodisa joyida turib qolsa, bu avtobuslarning harakat jadvali buzilishiga olib keladi.

 

Toshkentga 200 ta yangi elektrobus olib kelish rejalashtirilgan

Omarov avtobuslar parkini yangilash ishlari davom etayotganini ham ma’lum qildi. Uning aytishicha, 2026 yil oxirigacha yoki 2027 yilning birinchi choragida Toshkentga 200 ta yangi elektrobus olib kelish rejasi bor.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yangi avtobuslarning olib kelinishi texnik nosozliklar sababli yuzaga keladigan kechikishlarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

 

Nega bir bekatga bir nechta avtobus bir vaqtda keladi?

Ayrim holatlarda bir bekatga ikki yoki trita avtobusning bir vaqtda yetib kelishi ham kuzatiladi. Omarov buni avtobuslardan birining kechikishi bilan izohladi.

«Birinchi avtobus turli sabablarga ko‘ra o‘z intervaliga kech qolishi mumkin. Ikkinchi avtobus esa belgilangan interval bo‘yicha harakatlanaveradi. U birinchi avtobusni kutib turishi shart emas, aks holda keyingi intervallar ham buzilishi mumkin», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining tushuntirishicha, shu sababli ayrim bekatlarda bir nechta avtobus bir vaqtda to‘xtashi mumkin. Uning qayd etishicha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

 

Avtobuslar harakati qanday nazorat qilinadi?

Omarovning aytishicha, avtobuslarning harakati GPS tizimi orqali kuzatib boriladi. Monitoring markazi xodimlari yo‘nalishlardagi avtobuslarni nazorat qiladi. Agar avtobus to‘xtab qolsa, tashuvchi bilan bog‘lanib, buning sababi aniqlanadi. Texnik nosozlik yuza galganda esa zaxira avtobusini yo‘nalishga chiqarish choralari ko‘rilishi kerak.

«Barcha avtobuslar GPS bilan jihozlangan. Agar avtobus bekatga kech borsa, bu tashuvchiga davlat tomonidan to‘lanadigan mablag‘dan chegirma qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Bu sifat ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, nazorat faqat harakat intervallari bilan cheklanmaydi. Avtobusning tozaligi va haydovchining belgilangan formada bo‘lishi kabi talablar ham hisobga olinadi.

Omarov ayrim yo‘nalishlarda intervallar buzilayotganini inkor etmadi va bu holatlarni qo‘shimcha o‘rganish bo‘yicha topshiriq berishini bildirdi. Hozircha intervallarni barcha yo‘nalishlarda qisqartirish bo‘yicha aniq muddatlar ma’lum qilinmadi.

Теглар

Мавзуга оид

Toshkentda yo‘lovchilarning 85 foizi jamoat transportidagi tiqilinchdan shikoyat qilgan | Vaqt.uz