Toshkentning transport bosh rejasi ishlab chiqilmoqda

Poytaxtda ishga tushirilayotgan yangi tizim doirasida svetoforlar transport oqimining intensivligiga qarab avtomatik ravishda moslashadi. Maxsus kameralar va datchiklar chorrahadagi transport oqimini kuzatib, zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqtini uzaytiradi.

Toshkentning transport bosh rejasi ishlab chiqilmoqda

Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) tomonidan xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda transpopt bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda bugun, 12-mart kuni markazda o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Transport bosh rejasida avtobuslarning optimizatsiya qilish, ya’ni avtobus yo‘nalishlari qantay tashkil etilishi kerakligi, qayerda tunel, qayerda ko‘prik bo‘lishi kerakligi, qaysi joyda avtoturargoh bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratilmoqda.

Nimalar o‘zgaryapti?

Shuningdek, poytaxt chorrahalarini yagona intellektual tizimga birlashtirishga qaratilgan raqamli transformatsiya jarayoni bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Mazkur loyiha doirasida transport oqimini real vaqt rejimida tahlil qiladigan «aqlli» tizim joriy etilmoqda.

2

Yangi tizim doirasida svetoforlar transport oqimining intensivligiga qarab avtomatik ravishda moslashadi. Maxsus kameralar va datchiklar chorrahadagi transport oqimini kuzatib boradi va zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqtini uzaytiradi.

Shuningdek, jamoat transportiga ustuvorlik berish mexanizmi ham joriy etilmoqda. GPS-monitoring orqali svetoforlar yaqinlashayotgan avtobusni aniqlaydi va unga ustuvor harakat imkonini beradi. Natijada avtobuslar bekatlarga tezroq yetib boradi va yo‘lovchilarning kutish vaqti qisqaradi.

Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma’lumotlar ham raqamlashtirilib, yagona xaritaga joylashtirilgan. Bu muhandislarga tirbandliklar va xavfli hududlarni oldindan aniqlash hamda harakat sxemasini takomillashtirish imkonini beradi.

Tizim ko‘lami

Hozirgi kunda tizimga 125 ta muhim chorraha ulangan. 2026-yilda 545 ta obyektni tizimga ulash rejalashtirilgan. Umuman olganda, Toshkent shahrida qariyb 1000 ta svetoforli chorraha mavjud.

Har bir «aqlli» chorraha kamida 4 ta kamera va transport oqimi zichligini o‘lchovchi datchiklar bilan jihozlanadi. Tizimni boshqarish va tahlil qilish jarayonlarida 30 dan ortiq transport muhandislari, IT-tahlilchilar hamda xalqaro ekspertlardan iborat jamoa faoliyat olib bormoqda.

Bildirilishicha, tizimning uzluksiz ishlashi uchun bir necha darajadagi himoya mexanizmlari joriy etilgan. Aloqa uzilib qolgan taqdirda svetoforlar avtonom rejimda ishlashni davom ettiradi. Serverlar va aloqa kanallari zaxira tizimlar bilan ta’minlangan, zarurat bo‘lganda mutaxassislar jarayonga masofadan turib aralashishi mumkin.

Loyiha tarixi

Ma’lumot uchun, loyiha bir necha bosqichda shakllangan. 2024-yil 5-mart kuni Toshkent chorrahalarini tartibga solish konsepsiyasi taqdim etilgan. 2024-yilda Bobur va Furqat ko‘chalari kesishmasida adaptiv boshqaruv tizimi sinov tariqasida joriy etilgan.

2025-yil 4-dekabrda prezidentning Toshkent shahrida transport tizimini boshqarishni takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi qarori qabul qilindi.

2026-yildan tizimni keng joriy etish bosqichi boshlandi. Bunda shtat shakllantirilmoqda, reglamentlar ishlab chiqilmoqda va svetoforlar avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga bosqichma-bosqich ulanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид