Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishini oldindan bilgan — «The Wall Street Journal»

Бугун 07:552 дақиқа

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlashdan avval Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamal qilinishi mumkinligidan ogohlantirilgan, biroq u tezkor g‘alabaga ishonib, bu xavfni e’tiborsiz qoldirgan.

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishini oldindan bilgan — «The Wall Street Journal»

«The Wall Street Journal» nashrining Oq uydagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tramp Eron qurolli kuchlarini tez fursatda mag‘lub etishiga zarracha shubha qilmagan. Harbiy amaliyotga rozilik berishdan avval u maslahatchilari bilan Tehronga bosim o‘tkazish usullarini, jumladan, harbiy flot yordamida tankerlarni kuzatib borish rejalarini muhokama qilgan. Tramp o‘z jamoasiga Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishga ulgurmasdan taslim bo‘lishini aytgan, biroq voqealar rivoji prezidentning hisob-kitoblari xato ekanini ko‘rsatdi.

Bosh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari, general Den Keyn brifinglarda Isroil va AQSH hujumiga javoban Eron minalar, dronlar va raketalardan foydalangan holda suv yo‘lini to‘sib qo‘yishini bir necha bor ta’kidlagan. Shunday bo‘lsa-da, Tramp harbiy amaliyotni boshlashga buyruq berdi. Hozirda dunyodagi neft eksportining 15 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning (STG) 20 foizi o‘tadigan ushbu strategik yo‘lak ikki haftadan beri amalda yopiq qolmoqda.

 

Global energiya qamali

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi yuk tashish trafigi Tehronning qat’iy nazorati tufayli 90 foizga tushib ketdi. Bu esa jahon bozorida energiya resurslari taqchilligini yuzaga keltirib, narxlarning keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Tramp ma’muriyati endilikda tijorat kemalarini harbiy konvoylar yordamida o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda, biroq Eronning sohil bo‘yidagi hujumlari bu jarayonni o‘ta xavfli qilib qo‘ydi.

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset 13-mart kuni tranzit ochiq ekanini, faqat Eronning o‘qqa tutishlari yagona to‘siq bo‘layotganini da’vo qildi. Biroq ekspertlarning fikricha, bo‘g‘ozni minalardan tozalash va dron hujumlaridan to‘liq himoya qilish uchun AQSH va uning ittifoqchilaridan ulkan kuch va vaqt talab etiladi. Vaziyat Tramp kutganidek tezkor g‘alaba emas, balki davomli energiya urushiga aylanib bormoqda.

 

Trampning strategik xatosi

Hozir Pentagon bo‘g‘ozni ochish uchun yangi harbiy rejalar ustida ishlamoqda. Agar xalqaro koalitsiya tez fursatda suv yo‘lini xavfsiz qila olmasa, global iqtisodiyot uchun halokatli oqibatlar yanada kuchayadi. Trampning ushbu «gardkami» nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo moliyaviy tizimiga og‘ir zarba bo‘lib tushdi va uning siyosiy obro‘siga ham ta’sir qilmay qolmaydi.

 

Теглар

Мавзуга оид