Trampdan Eronga ultimatum: Chorshanba tongiga qadar Ho‘rmuz ochilmasa, elektr stansiyalar yo‘q qilinadi

Бугун 08:552 дақиқа

Donald Tramp Eronga 8-aprel tongigacha muhlat berdi. Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasa, AQSH Eronning energiya tizimi va ko‘priklarini bombardimon qilishni boshlaydi.

Trampdan Eronga ultimatum: Chorshanba tongiga qadar Ho‘rmuz ochilmasa, elektr stansiyalar yo‘q qilinadi

AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida va «The Wall Street Journal» nashriga bergan intervyusida Eron rahbariyatiga so‘nggi muhlatni ochiqladi. Unga ko‘ra, Eron Toshkent vaqti bilan 8-aprel, chorshanba tongi soat 05:00 gacha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochishi va kelishuvga rozi bo‘lishi shart.

«Agar ular va’dasini bajarmasa va bo‘g‘ozni yopiq qoldirsa, butun mamlakat bo‘ylab barcha elektr stansiyalari va korxonalaridan ayriladi», — deya ta’kidladi Tramp.

AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda harbiy jihatdan «juda kuchli mavqeda» va agar Eron ultimatumni rad etsa, mamlakatni qayta tiklash uchun kamida 20 yil kerak bo‘ladi. Tramp Eron infratuzilmasiga zarba berilishi natijasida oddiy aholi aziyat chekishi mumkinligi haqidagi savolga «Yo‘q, ularning o‘zlari bizdan shuni qilishimizni istashmoqda», deb javob berdi. Uning fikricha, Eron xalqi hozirda «do‘zaxda yashamoqda» va rejimning o‘zgarishini intizorlik bilan kutmoqda.

Bunga qadar Tramp bir necha bor muhlatni orqaga surgan va Tehron bilan «samarali muzokaralar» ketayotganini aytgan edi. Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft va gaz tashish tiklanmagani oq uyni keskin choralarga undamoqda. 6-aprel holatiga ko‘ra, mintaqada AQSHning aviatashuvchi guruhlari jangovar shay holatga keltirilgan va belgilangan vaqt tugashi bilan Eronning energiya tizimiga jappasiga raketa zarbalari berilishi mumkinligidan ogohlantirilmoqda.

 

Infratuzilmalar qamali

Pentagon rejasiga ko‘ra, birinchi navbatda Eronning eng yirik issiqlik va gidroelektr stansiyalari nishonga olinadi. Bu mamlakatni to‘liq energiyasiz qoldirib, harbiy boshqaruv va aloqa tizimlarini falaj qilishga qaratilgan. Tramp ta’kidlaganidek, ko‘priklarning yo‘q qilinishi esa Eron ichida harbiy texnikalar va resurslar harakatini cheklab qo‘yadi.

Eron tomoni esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda davom etayotganini va har qanday hujumga nisbatan Yaqin Sharqdagi AQSH bazalari hamda texnologik korporatsiyalari obyektlariga zarba berish bilan javob qaytarishini bildirdi. Biroq Tramp ma’muriyati Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari allaqachon «deyarli yo‘q qilinganini» va Amerika aviatsiyasi uchun hech qanday to‘siq qolmaganini da’vo qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид