Trampning «Tinchlik kengashi» pulsiz qoldimi?
AQSH prezidenti Donald Trump tashabbusi bilan tuzilgan «Tinchlik kengashi»ga va’da qilingan milliardlar hali to‘liq kelmagani ma’lum qilindi.

AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi «Tinchlik kengashi» G‘azo sektorini qayta tiklash uchun a’zo davlatlar va’da qilgan 17 milliard dollar mablag‘ning ozgina qisminigina olgan. Bu haqda Reuters manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kengashning birinchi yig‘ilishi 19-fevral kuni Vashingtonda o‘tkazilgan. Unda to‘qqizta davlat, jumladan, O‘zbekiston, G‘azoga yordam uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishga va’da bergan. AQSH esa alohida ravishda 10 milliard dollar ajratish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, ikki yillik urush natijasida vayron bo‘lgan G‘azo sektorini qayta tiklash uchun taxminan 70 milliard dollar talab etiladi. Bu esa mavjud moliyaviy resurslar hajmi hali yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.
Kengash rejasiga ko‘ra, Hamas qurolsizlantirilganidan va Isroil qo‘shinlari olib chiqilganidan keyin G‘azoda keng ko‘lamli tiklanish ishlari amalga oshirilishi kerak. Shuningdek, mablag‘lar G‘azoni boshqarish uchun tashkil etilgan Milliy muvofiqlashtiruvchi qo‘mita faoliyatini ta’minlashga ham yo‘naltiriladi.
Biroq Reuters manbasiga ko‘ra, moliyalashtirishni va’da qilgan 10 davlatdan faqat uchtasi — BAA, Marokash va AQSH — amalda mablag‘ ajratgan. Hozirgi kunda kengash budjeti 1 milliard dollardan kam ekani aytilmoqda. Manbaga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eron bilan bog‘liq mojarolari bu jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ammo «Tinchlik kengashi» rasmiy bayonotida moliyalashtirish muammolari rad etildi.
«Tinchlik kengashi» — bu zaruratga ko‘ra kapital jalb qiluvchi, ixcham va natijaga (ijroga) yo‘naltirilgan tashkilotdir. Moliyalashtirishda hech qanday cheklovlar yo‘q. Shu kunga qadar barcha moliyaviy so‘rovlar zudlik bilan va to‘liq hajmda qondirib kelindi», — deyiladi bayonotda.





