Turizm eng yirik mamlakatlar iqtisodiyotiga qancha daromad keltirdi?
Jahon iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri turizm hisoblanadi. U mehmonxonalar, restoranlar, transport kompaniyalari va boshqa ko‘plab sohalar orqali trillionlab dollar daromad keltiradi. Ammo turizmdan eng ko‘p daromad oladigan mamlakatlar har doim ham eng ko‘p xorijiy sayyohlarni qabul qiladigan davlatlar emas.
© Ijtimoiy tarmoqlarJahon sayohat va turizm kengashi (World Travel & Tourism Council — WTTC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda turizm va sayohat sohasi AQSH iqtisodiyotiga 2,63 trillion dollarlik hissa qo‘shdi.
Ushbu infografikada 2025-yilda turizm iqtisodiyoti eng yirik bo‘lgan 25 ta mamlakat reytingi keltirilgan. Hisob-kitoblarda mamlakat ichidagi va xalqaro sayohatlar, shuningdek, turizm bilan bog‘liq tovar va xizmatlar savdosi hamda shu sohada ishlovchilarning xarajatlari ham hisobga olingan.
AQSHdagi ko‘rsatkich eng yaqin raqib — Xitoynikidan qariyb 50 foiz yuqori. Xitoyda turizm iqtisodiyoti hajmi 1,75 trillion dollarni tashkil etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi farq qariyb 880 milliard dollarga yetdi. Bu esa boshqa har qanday mamlakatning butun turizm sohasi hajmidan ham ko‘p. Germaniya 566 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi va Yevropada yetakchi bo‘ldi. U Fransiya va Ispaniya kabi mashhur sayyohlik yo‘nalishlarini ortda qoldirdi.

Germaniyaning yuqori o‘rinda ekaniga sabablardan biri — mamlakat ichidagi turizm bozorining kattaligi. 2025-yilda mehmonxonalarda qayd etilgan tunab qolishlarning qariyb 83 foizi Germaniyaning o‘z fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi. Shuning hisobiga xorijiy mehmonlar soni kamayganiga qaramay, mamlakatda tunab qolishlar soni yillik hisobda rekord darajaga yetdi.
Yaponiya esa 2025-yilda rekord darajada — 42,7 million xorijiy sayyohni qabul qildi. Bu 2024-yilga nisbatan 15,8 foiz ko‘p. Sayyohlarni sakura gullashi kabi mavsumiy manzaralar, qishki sport turlari va boshqa diqqatga sazovor joylar jalb qildi. Osaka shahrida o‘tkazilgan «Expo» xalqaro ko‘rgazmasi ham mamlakatga sayohatlar soni oshishiga turtki berdi.
2025-yilda Xitoyning turizm iqtisodiyoti 9,9 foizga o‘sdi. Bu jahon bo‘yicha o‘rtacha o‘sish sur’atidan ikki baravardan ham yuqori. Mamlakatga borgan xorijiy sayyohlar soni 15,5 foizga oshib, 68 million nafardan oshdi. Shuningdek, xorijlik sayyohlarning Xitoydagi xarajatlari pandemiyadan oldingi darajadan ham yuqori bo‘ldi.
Xitoy sayyohlarni jalb qilish uchun mamlakatga kirish tartiblarini ham yengillashtirmoqda. Xususan, vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxati kengaytirildi, tranzit orqali kelgan yo‘lovchilarning mamlakatda vizasiz qolish muddati uzaytirildi. Chegaradan o‘tish tartiblarining soddalashtirilishi va raqamli to‘lov xizmatlarining rivojlanishi ham sayohatlarni qulaylashtirmoqda. 2026-yilning iyun oyiga kelib, Xitoyning vizasiz kirish bo‘yicha kelishuvlari 50 dan ortiq mamlakatni qamrab oldi. Belgilangan talablarga javob beradigan davlatlar fuqarolari Xitoyda 30 kungacha qolishi mumkin bo‘ldi.
Aviaqatnovlar va tezyurar temiryo‘llar tarmog‘ining rivojlanishi ham sayyohlarga mamlakatning yirik xalqaro transport markazlaridan uzoqda joylashgan hududlariga borish imkonini bermoqda. Yangi madaniy maskanlar va tematik bog‘larning ochilishi bilan birga, bu o‘zgarishlar sayyohlar sarflaydigan mablag‘larni mamlakatning ko‘proq hududlariga yo‘naltirishga yordam bermoqda.
Xitoyning turizm iqtisodiyoti hajmi allaqachon 1,75 trillion dollarga yetgan va u AQSHnikiga qaraganda ancha tez o‘smoqda. Shu sababli Xitoy AQSH bilan o‘rtadagi farqni qisqartirish uchun eng katta imkoniyatga ega mamlakat bo‘lib qolmoqda. Biroq hozircha ikki davlat ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi tafovut ancha katta.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish qancha summaga tushishi haqida yozgan edik.





