Logo

Turkmanistonda o‘zbek SIM-kartalariga qarshi reydlar boshlandi

Бугун 18:252 дақиқа

Dashoguz viloyatida politsiya xorij SIM-kartalarini musodara qilib, egalariga jarima solmoqda.

Turkmanistonda o‘zbek SIM-kartalariga qarshi reydlar boshlandi

Turkmanistonning Dashoguz viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar O‘zbekiston bilan chegaradosh tumanlarda o‘zbek SIM-kartalaridan foydalanuvchi aholini aniqlash bo‘yicha reydlar o‘tkazmoqda. Bu haqda «Ozodlik» radiosining turkman xizmati o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, politsiya reydlar davomida O‘zbekiston operatorlariga tegishli SIM-kartalarni musodara qilmoqda, ularning egalari esa jarimaga tortilmoqda. Ayrim hollarda fuqarolar buning uchun 50 ming manatgacha jarima solinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Xabarda aytilishicha, mahalliy aholi chegara hududlarida turkman interneti umuman ishlamasligi yoki juda zaif ekani sabab o‘zbek mobil aloqasi va internetidan foydalanishga majbur.

Vaziyatning kelib chiqish sababi

«Ozodlik» ma’lumotiga ko‘ra, reydlarga iyul boshida Go‘ro‘g‘li tumanida sodir bo‘lgan fojia turtki bergan. Unda bir erkak olti nafar farzandini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.

Ushbu voqea haqidagi xabarlar mustaqil internet nashrlarida e’lon qilingach, xavfsizlik idoralari ma’lumotlar xorijiy aloqa operatorlari orqali tarqatilgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xorijiy SIM-kartalarni maxsus uskunalar orqali aniqlash imkoniyati yo‘q. Shu bois ular asosan mahalliy aholi orasidan chiqqan ma’lumotlarga tayanayotgani aytilmoqda.

Rasmiy izoh yo‘q

Ma’lum qilinishicha, politsiya asosan O‘zbekistonga borib kelgan fuqarolarni tekshirmoqda. Bu jarayonda qo‘shnilar va tanishlardan olinadigan ma’lumotlar ham hisobga olinayotgani bildirilgan.

Turkmaniston hukumati hozircha reydlar sabablari yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.

Теглар

Мавзуга оид