Uch hududdagi beshta kondan yangi gaz oqimi aniqlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Buxoro viloyatidagi jami beshta kondan gaz chiqdi, bitta kon qayta tiklandi.
© Фото: Kun.uz«O‘zbekneftgaz» Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida jami 6 ta quduqdan sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olinganini ma’lum qildi. Hozirda quduqlarda gazning debiti va tarkibi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda.
Kompaniya axborotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yangi yuqori bosimli kon aniqlangan. Bu hududda olingan dastlabki natijalar konning sanoat ahamiyati yuqori bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar quduq parametrlarini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Qashqadaryo viloyatida uchta, Buxoro viloyatida esa bitta quduqdan gaz oqimi qayd etildi. Bu natijalar mamlakatning janubiy va g‘arbiy hududlarida qidiruv-qazish ishlari faollashganini anglatadi. Quduqlardan olinayotgan gaz hajmi va sifat ko‘rsatkichlari yakunlangach, ularni ishlab chiqarish zanjiriga ulash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Qayta ta’mirlangan kon
Shu bilan birga, Ustyurt hududida joylashgan va avval o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan Shimoliy Berdaq konining 7-son qudug‘i qayta ta’mirlandi. Ta’mirlash ishlaridan so‘ng mazkur quduqdan ham sanoat miqyosida gaz oqimi olingani ma’lum qilindi. Bu esa mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha resurs jalb etish imkonini beradi.
Avvalroq, yanvar oyida Ustyurt mintaqasidagi «Mo‘ynoq» koni yaqinida joylashgan quduqda ham sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi aniqlangan edi. Sentyabr oyi o‘rtalarida esa prezident Shavkat Mirziyoyev Ustyurt platosida 6,5 kilometr chuqurlikda juda yirik gaz koni topilganini e’lon qilgan. So‘nggi topilmalar mamlakat gaz zaxiralarini oshirish va ichki ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim omil sifatida baholanmoqda.





