Ukraina urushi zamonaviy jang qoidalarini o‘zgartirmoqda
Ukrainadagi mojaro arzon va ommaviy qurollar qimmat tizimlardan samaraliroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu G‘arb harbiy strategiyasini o‘zgartirmoqda.

Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshi kurashi arzon qurollarning haqiqiy qiymati faqat ularning past narxida emasligini ko‘rsatdi. «Business Insider» nashrining yozishicha, hamyonbop va ommaviy ishlab chiqariladigan qurollardan foydalanish harbiylarga yo‘qotishlarni oson qabul qilish, dushman mudofaasini yorib o‘tish va taktik ustunlikka erishish imkonini beradi. Iste’fodagi aviatsiya marshali Greg Begvellning ta’kidlashicha, arzon qurollarning asosiy kuchi ularning miqdorida bo‘lib, bu dushman tizimlarini ishdan chiqarishga xizmat qiladi.
«Siz dushman tizimini falaj qilish uchun yetarlicha qurol tashlashingiz, so‘ngra hosil bo‘lgan bo‘shliqdan foydalanishingiz kerak», — deydi Begvell.
Arzon kvadrokopterlar va boshqa vositalar alohida olinganda u qadar samarali bo‘lmasligi mumkin, biroq ularning soni yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va pirovard natijaga erishish imkonini beradi. Bu yondashuv qimmatbaho va yuqori texnologik qurollarga tayanadigan an’anaviy harbiy strategiyalarga jiddiy shubha ostiga qo‘ymoqda.
Ukraina Milliy mudofaa sanoati assotsiatsiyasi bosh direktori Sergey Goncharovning fikricha, bitta yuqori texnologik «Archer» tizimi Ukraina ommaviy ishlab chiqara oladigan 200 ta arzon «Bogdana» gaubitsasi bilan raqobatlasha olmaydi.
G‘arb strategiyasi o‘zgarmoqda
Daniya Mudofaa vaziri Troyels Lund Poulsen Ukraina urushidan olingan eng katta saboq — G‘arbga yuqori intensivlilikdagi urushlar uchun ancha ko‘p miqdordagi arzon qurollar kerakligini ta’kidladi. Ilgari G‘arb armiyalari faqat «ozgina va sozgina» tamoyiliga tayangan bo‘lsa, endilikda son va sifat o‘rtasidagi muvozanatni qayta ko‘rib chiqishmoqda.
Arzon qurollar nafaqat budjetni tejaydi, balki uzoq davom etadigan mojarolarda armiyaning moslashuvchanligi va barqarorligini ta’minlaydi. Bu tajriba NATO mamlakatlari harbiy doktrinalariga yangicha yondashuv olib kirmoqda. Endilikda harbiy buyurtmalarda ommaviylik va tezkor almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan tizimlarga e’tibor kuchaymoqda.
Miqyos va moslashuvchanlik
Arzon qurollarning ommaviy qo‘llanilishi dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimlarini chalg‘itish va resurslarini tugatish uchun eng samarali yo‘ldir. Qimmatbaho raketalarni arzon dronlarni urib tushirishga sarflash iqtisodiy jihatdan zararli bo‘lib, bu strategik tuzoq vazifasini o‘taydi. Ukraina aynan shu usul orqali texnik jihatdan ustun bo‘lgan dushmanga qarshi muvozanatni saqlab turibdi.





