Urush «mikrochiplar va loyli to‘qnashuv»ga aylandi — Sky News

Ukrainadagi urush strategik rejalardan omon qolish kurashiga aylangan.

Urush «mikrochiplar va loyli to‘qnashuv»ga aylandi — Sky News

Ukrainadagi urush tomonlarning biri ikkinchisini holdan toydiruvchi keskin sinovga aylandi. Urush strategik rejalar emas, balki front chizig‘idagi kundalik omon qolish kurashi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Britaniyaning «Sky News» nashri ta’kidlashicha, bu mojaro XXI asr Birinchi jahon urushiining loyqalangan xandaqlari bilan qorishgan manzarani eslatadi. Asosiy zarba vositasi sifatida dronlar maydonga chiqqan, yerda esa loy va muzlagan yo‘llar harbiylarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Frontdagi kundalik xavf

Nashr Donbassdagi mudofaa chizig‘ida joylashgan 117-brigada bo‘linmalari bilan suhbatlashgan. Slavyansk logistika markazini himoya qilayotgan jangchilarning aytishicha, u yerni muhofaza qilayotganlar uchun xavf doimiy tahdiddir.

«Bu kuniga ikki-uch marta takrorlanadi: muzlagan yo‘llar, ko‘rinmas dronlar, uchar qurilmalar va ruslar. Xavf bundan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Tahdidlar bir necha soniya ichida har tomondan yopirilib keladi», — deydi askarlardan biri.

117-brigada qo‘mondoni, polkovnik Dmitriy Yaroshenkoning ta’kidlashicha, urush xarakteri tubdan o‘zgargan. Ilgari quruqlikdagi jang ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, hozir osmonda ustunlik hal qiluvchi omilga aylangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar hatto vertolyotlarga qarshi qo‘llanmoqda.

Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, logistika eng zaif nuqtaga aylangan. Uchuvchisiz qurilmalar transport harakatini doimiy nazoratda ushlab turibdi.

«Agar dushman biror transport vositasini payqab qolsa, u katta ehtimol bilan tezda yo‘q qilinadi», — dedi u.

Berk ko‘cha

Avstraliya armiyasining iste’fodagi generali, harbiy sharhlovchi Mik Rayanning fikricha, Ukrainadagi urush klassik berk ko‘chaga kirib qolgan va hech bir tomon hal qiluvchi g‘alabaga erisha olmayapti. Mojaroni yakunlash uchun harbiy doktrina va texnologiyalarda keskin burilish yasash yoki tomonlardan birining siyosiy inqirozi yuz berishi kerak.

Shu bilan birga, Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiya-Ukraina urushi berk ko‘chaga kirib qolgani haqidagi fikrga qo‘shilmagan. U nafaqat Rossiya, balki Ukraina ham hujum operatsiyalarini amalga oshirayotganini, natijada hududlar qo‘ldan-qo‘lga o‘tayotganini eslatib o‘tgan.

Теглар

Мавзуга оид