Uzcard foydasi keskin ko‘payib, 1,1 trln so‘mdan oshdi
Kompaniya birinchi yarim yillikda sof foydasini 84,2 foizga oshirdi va 1,14 trln so‘mga yetkazdi. Bu deyarli butun boshli 2025-yildagi ko‘rsatkichga teng.

Uzcard to‘lov tizimi operatori — «Yagona umumrespublika protsessing markazi» 2026-yilning birinchi yarmida 1 trln 145,2 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu haqda kompaniyaning MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobotidan ma’lum bo‘ldi.
Kompaniya foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 523,6 mlrd so‘mga yoki 84,2 foizga oshgan. 2025-yilning birinchi yarmida Uzcard 621,6 mlrd so‘m foyda olgandi.
Shuningdek, 6 oyda kompaniyaning mijozlar bilan shartnomalardan olgan tushumi 39,1 foizga ko‘payib, 1 trln 325,6 mlrd so‘mga yetgan.
Tushumning asosiy qismi — 1 trln 197,8 mlrd so‘mi tranzaksiyalarni protsessing qilish uchun olingan komissiyalarga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishdagi daromad bir yilda 40,8 foizga oshgan. Notranzaksion komissiyalar esa 25,1 foizga ko‘payib, 126,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Operatsion xarajatlar tushumdan sekinroq — 34,5 foizga o‘sib, 426,5 mlrd so‘mga yetgan. Natijada operatsion foyda 41,3 foizga ko‘payib, 899,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Operatsion rentabellik ham 66,8 foizdan 67,8 foizga ko‘tarilgan.
Bu ko‘rsatkichlar Uzcard’ning asosiy protsessing biznesi ham sezilarli o‘sganini ko‘rsatmoqda. Biroq sof foydaning qariyb ikki baravar oshishi faqat operatsion natijalar bilan izohlanmaydi.
Hisobot davrida kutilayotgan kredit zararlari bo‘yicha 256,4 mlrd so‘mlik rezerv tiklangan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu yo‘nalishda 21,6 mlrd so‘mlik xarajat qayd etilgandi. Natijada ushbu ko‘rsatkichning foydaga ijobiy ta’siri bir yilda 278 mlrd so‘mga yaxshilangan.
Bu Uzcard’ning soliqdan oldingi foydasi o‘sishining qariyb 47 foiziga teng. Kompaniyaning soliqdan oldingi foydasi bir yilda 591,8 mlrd so‘mga oshib, 1 trln 216,5 mlrd so‘mga yetgan.
Hisobotga ko‘ra, Uzcard bergan qarzlar bo‘yicha shakllantirilgan rezerv yil boshidagi 258,8 mlrd so‘mdan iyun oxirida 2,5 mlrd so‘mgacha kamaygan. Yil boshidan beri 313,5 mlrd so‘mlik qarz qaytarilgan va 284,5 mlrd so‘mlik rezerv tiklangan.
Moliyaviy daromadlar ham foydani qo‘llab-quvvatlagan. Bu ko‘rsatkich 2,6 baravarga oshib, 68,5 mlrd so‘mga yetgan. Shundan 38,6 mlrd so‘mi berilgan qarzlar bo‘yicha foizlar, 29,4 mlrd so‘mi moliyaviy instrumentlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromad hissasiga to‘g‘ri keladi.
IT Park rezidentligidan ketish zararga ishlagan
Shu bilan birga, Uzcard’ning soliq yuki keskin oshgan. Kompaniya 2026-yil 1-apreldan IT Park rezidenti maqomini yo‘qotgan. Natijada ilgari qo‘llangan 0 foizlik foyda solig‘i imtiyozi bekor bo‘lib, kompaniya standart 15 foizlik stavka bo‘yicha soliq to‘lovchiga aylangan.
6 oyda foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlar 71,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich atigi 3,1 mlrd so‘m edi. Soliq stavkasining oshishi yilning ikkinchi yarmidagi sof foyda dinamikasiga yanada kuchliroq ta’sir qilishi mumkin.
Kompaniyaning pul oqimlari ham asosiy faoliyatdagi o‘sishni tasdiqlaydi. Operatsion faoliyatdan olingan sof pul oqimi 25,5 foizga ko‘payib, 836,4 mlrd so‘mga yetgan.
Biroq 6 oy davomida Uzcard aksiyadorlariga 1 trln 31,8 mlrd so‘m dividend to‘lagan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 baravar ko‘p.
Uzcard’ning asosiy faoliyatida ham o‘sish kuzatilgan: tushum 39 foizga, operatsion foyda 41 foizga oshgan. Biroq sof foydaning 84 foizga ko‘payishiga rezervlarning tiklanishi ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli yilning ikkinchi yarmida ham shunday o‘sish bo‘ladi, deb bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, Uzcard joriy yilning birinchi yarmida deyarli butun boshli 2025-yildagi sof foyda ko‘rsatkichiga yetib oldi. O‘tgan yili kompaniya 1,3 trln so‘m foyda qilgandi.
Теглар






