Valuta operatsiyalari qoidalari yangilandi

Endi qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat’iy nazar barcha bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda (nosavdo) pul o‘tkazishi mumkin.

Valuta operatsiyalari qoidalari yangilandi

O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini tartibga soluvchi qoidalar yangilandi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026 yil 30-martdagi 10/9-son qarori bilan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar tasdiqlandi.

Qarorning asosiy maqsadi — kapital bozori ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, valuta operatsiyalarini soddalashtirish hamda bozor shaffofligini oshirishdan iborat.

Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar fuqaroligidan qat’i nazar, bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy (nosavdo) maqsadlarda erkin pul o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, xorijliklar ham mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya qilish yoki meros bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Tadbirkorlar uchun ham yengilliklar nazarda tutilgan. Endi yuridik shaxslar chet el valutasida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun valuta sotib olishda ortiqcha hujjat taqdim etishi shart emas. Faqat qimmatli qog‘oz chiqarilganini tasdiqlovchi hujjat yetarli hisoblanadi.

Xorijiy investorlar uchun yana bir muhim yangilik — fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larni erkin ravishda chet elga olib chiqish imkoniyati yaratildi. Bu investitsion muhitni yanada jozibador qiladi.

Shu bilan birga, barcha valuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn operatsiyalar yagona tizimda hisobga olinadi. Bu bozordagi jarayonlarni shaffof va nazorat qilishni osonlashtiradi.

Amaliyotda uchraydigan muammolardan biri — texnik yoki imloviy xatolar sabab operatsiyalarning rad etilishi edi. Yangi qoidalarga ko‘ra, bunday holatlarda xatolarni tuzatish imkoniyati beriladi, bu esa tadbirkorlar uchun vaqt tejaydi.

Shuningdek, naqd chet el valutasini berish tartibi ham aniqlashtirildi. Jismoniy shaxslar o‘z hisobidagi mablag‘lar doirasida valutani cheklovsiz olishi mumkin, yuridik shaxslar uchun esa belgilangan maqsadlar asosida taqdim etiladi.

Теглар

Мавзуга оид