Logo

Vietnamda elektr energiyasi tariflari pasaytirildi, benzin solig‘i bekor qilindi

Кеча 17:262 дақиқа

Avval bu soliq yoqilg‘i turiga qarab 7 foizdan 10 foizgacha bo‘lgan. Elektr energiyasi tarifi esa 2023-yilning may oyidan beri birinchi marta pasaytirildi.

Vietnamda elektr energiyasi tariflari pasaytirildi, benzin solig‘i bekor qilindi © Foto: VnExpress

Vietnamda 1-noyabrdan boshlab elektr energiyasining o‘rtacha chakana narxi 2 foizga arzonlashtirildi. Shuningdek, benzin uchun undiriladigan maxsus iste’mol solig‘i vaqtincha bekor qilindi. Bu qaror aholi va biznes xarajatlarini kamaytirish hamda inflatsiyani jilovlash maqsadida qabul qilingan. Bu haqda «Reuters» mamlakat hukumatiga tayanib xabar berdi.

Elektr energiyasining o‘rtacha chakana narxi qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda bir kilovatt-soat uchun 2159,9 dongga (taxminan 0,085 dollar) tushirildi.

Bu 2023-yilning may oyidan beri elektr energiyasi tarifining birinchi marta pasaytirilishidir. Bungacha mamlakatda elektr energiyasi narxi bir necha bor oshirilgan edi.

Shu bilan birga, hukumat benzinning barcha turlari uchun maxsus iste’mol solig‘ini nolga tushirdi. Avval bu soliq yoqilg‘i turiga qarab 7 foizdan 10 foizgacha bo‘lgan. Imtiyoz 2026-yil 1-noyabrdan 2027-yil 31-martgacha amal qiladi.

Qaror kuchga kirgach, benzinning chakana narxlari ham pasaydi. Jumladan, E5 RON 92 benzinining bir litri 804 dongga (taxminan 0,07 dollar) arzonlashib, 24 ming 223 dongni (taxminan 0,94 dollar) tashkil etdi.

E10 RON 95-III benzini esa bir litri uchun 575 dongga (taxminan 0,06 dollar) arzonlab, 24 ming 159 dongga tushdi.

Hukumat vakillari ushbu choralar aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilganini bildirgan.

Qaror iste’mol narxlari oshib borayotgan bir sharoitda qabul qilindi. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Vietnamda inflatsiya 4,52 foizni tashkil etdi. Bu hukumat belgilagan maqsadli ko‘rsatkichdan yuqori.

Shuningdek, hukumat iqtisodiy vaziyat va energetika bozoridagi holatdan kelib chiqib, benzin uchun nollik soliq stavkasining amal qilish muddatini uzaytirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada benzin narxi yana oshishi mumkinligi, yil boshidan buyon u 20,5 foizga qimmatlagani haqida yozgan edik. «O‘zbekneftgaz» AJ raisi o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganovning aytishicha, O‘zbekistondagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin taqchilligi kuzatilmaydi va yoqilg‘i zaxiralari yetarli darajada shakllantirilgan. So‘nggi 9–10 oy davomida benzin narxi 12 ming so‘mdan oshmagan.

Теглар

Мавзуга оид