Xomanaiyning o‘limidan bir hafta o‘tib Eronga yangi Oliy rahbar tayinlandi

09.03.2026 | 03:322 дақиқа

Endi marhum Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mo‘jtabo Xomanaiy Islom Respublikasini 47 yillik tarixidagi eng og‘ir inqirozdan olib chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Xomanaiyning o‘limidan bir hafta o‘tib Eronga yangi Oliy rahbar tayinlandi

Eron Mo‘jtabo Xomanaiyni mamlakatning yangi Oliy rahbari etib tayinladi. Bu qaror uning otasi oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy AQSH va Isroilning butun mintaqani urush girdobiga uloqtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganidan bir hafta o‘tib qabul qilindi.

Yakshanba, 8-mart kuni diniy ulamolar Mo‘jtabo Xomanaiyni otasining vorisi deb e’lon qilishdi. Endi u Islom Respublikasini o‘z tarixidagi eng yirik inqiroz davrida boshqaradi.

Xomanaiyning yo‘li tanlandi

Mo‘jtabo Xomanaiy ilgari hech qachon saylovlarda qatnashmagan yoki xalq ovoziga qo‘yilmagan. Biroq u o‘n yillar davomida Oliy rahbarning yaqin doirasidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lib kelgan va qudratli Islom inqilobi soqchilari korpusi bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. So‘nggi yillarda u otasining o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod sifatida tez-tez tilga olinayotgan edi.

«Uning saylanishi Eron siyosiy tizimidagi qattiqqo‘l guruhlar hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolayotganidan dalolat berishi mumkin. Bu esa hukumatning urush davom etayotgan bir paytda qisqa muddatli kelishuv yoki muzokaralarga kirishish istagi past ekanini anglatadi», - deya yozmoqda «Al-Jazeera».

Mamlakat Oliy rahbarini tanlash vakolatiga ega bo‘lgan 88 a’zodan iborat Ekspertlar kengashi avvalroq yagona nomzod bo‘yicha to‘xtamga kelganini bildirgan edi.

«Imom Xomanaiy va shahid imom Xomanaiyning yo‘li tanlandi. Xomanaiy nomi yashashda davom etadi», — deb ta’kidladi Kengash a’zolaridan biri.

«Epshteynning to‘dasi emas, Eron millati hal qiladi»

Eronni 37 yil davomida boshqargan Ali Xomanaiy 28-fevral kuni Tehronga berilgan havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan edi. Bu voqea Yaqin Sharq bo‘ylab tartibsizliklarni keltirib chiqardi.

Isroil harbiylari Xomanaiyning o‘rnini bosadigan har qanday shaxsni yo‘q qilish bilan tahdid qilgan bo‘lsa, AQSH Prezidenti Donald Tramp urush faqat Eron harbiylari va rahbarlari butunlay mahv etilgandan keyingina tugashi mumkinligini aytdi. Tramp yangi rahbar uning roziligisiz «uzoqqa bormasligini» yana bir bor ta’kidladi.

Eron rasmiylari Trampning bu da’volarini keskin rad etib, mamlakat kelajagini faqat Eron xalqi belgilashini qayd etdi.

«Aziz Eronning taqdirini Jeffri Epshteynning to‘dasi emas, balki faqat mag‘rur Eron millati hal qiladi», — deb yozdi Eron Parlamenti spikeri Muhammad Baqir G‘olibof Trampning bayonotlarini masxara qilib.

Теглар

Мавзуга оид