Yaqin Sharqda katta o‘yin: urushning uchinchi kuni kundaligi

02.03.2026 | 23:095 дақиқа

Yaqin Sharq yana o‘t oldi. AQSH va Isroilning Eron hududini bombalashi mintaqada yillar davomida to‘planib kelgan qarama-qarshiliklarni ochiq urush bosqichiga olib chiqdi.

Endi bu faqat bayonotlar, tahdidlar urushi emas, balki, raketalar, dronlar va strategik obyektlarga qaratilgan aniq hujumlar urushi.

 

Mana shunday sharoitda tezkor, xolis va tekshirilgan axborot tomoshabin uchun har qachongidan ham muhim. Shu bois, biz «Urush kundaligi» loyihasini yo‘lga qo‘ydik. Bu maxsus format orqali siz aziz tomoshabinni urushdagi vaziyat, rasmiy bayonotlar, xalqaro munosabatlar dinamikasi va harbiy-siyosiy tahlillar bilan izchil ravishda tanishtirib boramiz.

 

Isroil va AQSHning 28-fevraldan 1-martga o‘tar kechasi Eron shaharlarini bombalashi tufayli Eron Oliy rahnamosi, 86 yoshli oyatulloh Ali Humanaiy o‘z qarorgohida o‘ldirildi.

 

U bilan birgalikda oila a’zolari, hattoki 1,5 yashar norasida nevarasi ham halok bo‘lgani xabar qilindi.

 

Tehron va boshqa shaharlarga bombalar yog‘dirilishi natijasida Eron oliy rahbariyatining bir nechta a’zolari, jumladan mudofaa vaziri va bosh shtab rahbari ham halok bo‘lishgan. Umuman olganda, Eron Qizil yarimoy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Isroil hujumlaridan so‘ng mamlakatda 555 kishi halok bo‘lgan.

 

Bugun bu urushga 15ga yaqin davlat bevosita va bilvosita tortilib bo‘ldi.

 

Eron esa hujumni javobsiz qoldirmayapti. Javob zarbalari geografiyasi kengaymoqda, har bir yangi kun esa mojaroning chegarasi yanada yoyilayotganini ko‘rsatmoqda. Harbiy harakatlar intensivligi oshmoqda. Bu holat vaziyatni lokal to‘qnashuvdan mintaqaviy urushga aylanish xavfi bilan yuzma-yuz qoldirmoqda.

 

Bugun ertalab Eron Isroil va Kuvayt doxil Fors ko‘rfazidagi mamlakatlarga raketalar va zarbdor dronlar bilan zarba berishni boshlab yubordi. Mintaqaning bir necha shaharlarida portlashlar va havo hujumidan himoya tizimlarining ishga tushgani kuzatildi.

 

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi Isroil va mintaqadagi Amerika bazalariga zarba berishda Fattoh-2 hipertovushli raketasidan foydalanganini ma’lum qildi.

 

Ana shunday raketalardan biri Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi iddaosiga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisiga va Isroil harbiy havo kuchlari qo‘mondonining shtabiga borib urilgan.

 

Kuvaytda esa AQSHning F-15 samolyoti qulayotgani tasvirlari tarqaldi. Ma’lum qilinishicha, tasvirdagi harbiy uchoqni o‘zinikilar otib qo‘yishgan.

 

Kuvayt mudofaa vazirligi ertalab mamlakatda Amerikaning bir nechta harbiy uchoqlari halokatga uchragani haqida xabar berdi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar soni uchta). Barcha uchoqlarning uchuvchilari katapultadan foydalangan va tekshirish uchun shifoxonaga yetkazilgan. Ularning holati barqaror deb atalmoqda.

 

Hodisaga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmayapti. Shunisi aniqki, Eronning mamlakat hududiga intensiv zarbalari fonida ro‘y bergan. Eron harbiy uchoqlarni o‘zi urib tushirganini iddao qilgan, AQSH esa o‘zlari adashib uchib tushirganini ta’kidlamoqda.

 

Bahrayndagi Amerika harbiy bazalariga navbatdagi zarbalar uyushtirilgani ham ma’lum qilinmoqda.

 

Ko‘rfaz davlatlaridan biri — Qatar Eron hokimiyati bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qildi. Avvalroq, Eron dronlari bu davlatdagi AQSH bazasini nishonga olgani va o‘ta qimmatbaho radar uskunasini «Shahed» dron bilan yo‘q qilgani xabar qilingan edi.

 

Qatar tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakiliga ko‘ra, Eron fuqarolik infratuzilmasiga zarba bergan. Qatar qiruvchi samolyotlari esa zarbdor dronlar va raketalarni yo‘q qilgan.

 

«Bunday hujum javobsiz qolishi mumkin emas. Eron xalqimizga ochiqdan ochiq hujum uchun javob berishi kerak», degan rasmiy.

 

Saudiya Arabistonidagi Saudi Aramco neftni qayta ishlash zavodi pilotsiz parvoz qurilmasi zarbasidan so‘z o‘z ishini to‘xtatishi ma’lum qilindi. Ras Tanur gahridagi neftni qayta ishlash zavodiga Eron droni kelib urilganidan so‘ng yong‘in kelib chiqqan. Ayni paytda yong‘in qurshab olinib, o‘chirilgani ma’lum qilinmoqda.

 

Ayrim manbalar Eron Turkiyadagi Injirlik harbiy bazasiga ham hujum uyushtirgani haqda xabarlar tarqatdi. Biroq, Turkiyaning dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi bu xabarlar asossiz deya rad etib chiqish qildi.

Turkiyada biror xorijiy davlatga tegishli harbiy bazalar mavjud emas. Turkiya Respublikasining havo hududi, quruqlik hududi, dengiz yurisdiksiya zonalari va harbiy obyektlari to‘liq uning suvereniteti va nazorati ostidadir. Mamlakatimizga qarshi hech qanday hujum sodir etilmagan. Turkiyani mintaqaviy mojarolar tomoni sifatida ko‘rsatishga urinayotgan nashrlar ochiq dezinformatsiya hisoblanadi, deyiladi markaz xabarida.

 

Bu orada bombalashlar chog‘ida halok bo‘lgan Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadiynajod tirik ekani haqida xabarlar tarqaldi. Bomba uning qarorgohi yonidagi tansoqchilar binosiga urilgan. Inqilob posbonlari bo‘lmish uch nafar tansoqchi halok bo‘lgan. Sobiq prezidentning bomba tushgan joydan 100 metr narida bo‘lgan qarorgohi talafot ko‘rmagan.

 

Isroil birgina Eron bilan cheklanmasdan, yon qo‘shnisi Livanni ham bombardimon qilishni boshlab yubordi. Livan poytaxti Bayrutda o‘nlab portlashlar eshitildi. Bombalashlarga sabab — Livan hududidan turib o‘t ochilishi bo‘lgan. Xabar qilinishicha, raketa zarbalari Bayrut aeroportiga yaqin joylarga to‘g‘ri kelgan. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan, 50 kishi yaralangani xabar qilinmoqda.

 

Bombalashlar fonida Isroilda favqulodda holat rejimi 12-martgacha uzaytiriladigan bo‘ldi. Isroilning 12 telekanalining xabar qilishicha, Hukumat vazirlari shu sanagacha favqulodda holat rejimini tasdiqlagan.

 

Agar harbiy harakatlar ushbu muddatdan oldin yakunlansa, favqulodda holat rejimi bekor qilinadi.

 

Eron hududiga keng ko‘lamli harbiy hujumlardan maqsad «Amerika xalqini himoya qilish» ekanini bildirgan AQSH prezidenti Donald Tramp: «Urush 4 hafta davom etishi mumkin», — dedi…

 

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, rasmiy Tehron Tramp ma’muriyatiga sezilarli ta’sir o‘tkaza oladigan Fors ko‘rfazi davlatlarini nishonga olish orqali Vashington va Isroilni tezda eskalatsiya va mojaroni to‘xtatishga majbur qilish mumkin, deya hisob-kitob qilgan.

 

Biroq ayni kunlardagi vaziyat bu hisob-kitoblar batamom barbod bo‘lgani va Tehronning o‘ziga qarshi ishlagani ko‘rinib turibdi. Fors ko‘rfazi davlatlari Eron rejimiga qarshi turishga to‘g‘ri keladi, degan xulosaga kelib bo‘lishdi.

 

Fors ko‘rfazi mintaqasida ustuvor kayfiyat shundan iboratki, o‘z yon qo‘shnilariga misli ko‘rilmagan hujumlar uyushtirgan Eronga bu vaziyatdan quruq chiqib ketishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Теглар

Илёс Сафаров

Илёс СафаровМақолалар сони: 66

Барчаси

Мавзуга оид