Yaqin Sharqdan 41 reys orqali o‘zbekistonliklar olib kelindi

06.03.2026 | 09:142 дақиқа

Madina, Jidda va Dubaydan amalga oshirilgan maxsus reyslar orqali 9 minga yaqin o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi.

Yaqin Sharqdan 41 reys orqali o‘zbekistonliklar olib kelindi

5-mart holatiga ko‘ra, Yaqin Sharq mintaqasidan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish uchun jami 41 ta maxsus aviatashuv amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi ma’lum qildi.

Aviakompaniyalar orqali amalga oshirilgan yo‘nalishlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, parvozlar mamlakatning rezident aviakompaniyalari — «Uzbekistan Airways», «Centrum Air», «Qanot Sharq», «Fly One Asia», «Fly Khiva» va «Air Samarqand» tomonidan amalga oshirilgan. Reyslar Jidda–Toshkent, Jidda–Andijon, Jidda–Namangan, Jidda–Urganch, Madina–Toshkent, Madina–Qarshi, Madina–Namangan hamda Dubay–Toshkent yo‘nalishlarida tashkil etildi.

Jumladan, Madina va Jidda shaharlaridan bajarilgan 36 ta reys orqali 7 988 nafar yo‘lovchi O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, Dubaydan amalga oshirilgan 5 ta reys orqali yana 838 nafar fuqaro mamlakatga qaytarildi.

Ayni paytda ham bir qator reyslar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining HY-334 Dubay–Toshkent va HY-338 Jidda–Toshkent reyslari, «Centrum Air» aviakompaniyasining C6-318 Jidda–Samarqand hamda C6-352 Dubay–Toshkent reyslari, shuningdek «Qanot Sharq» aviakompaniyasining HH-902 Dubay–Toshkent reysi parvozni davom ettirmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish jarayoni tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hozirda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lgan davlatlar orqali tashkil etilmoqda. Mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham havo hududi ochilishi bilan parvozlar sonini oshirish rejalashtirilgan.

Charter reyslar

Shuningdek, Qatar, Bahrayn va Quvayt aviatsiya ma’muriyatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, yaqin kunlarda Saudiya Arabistoni hududi orqali charter reyslari tashkil etilib, yana bir qator fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish rejalashtirilgan.

Fuqarolarga mamlakat elchixonalari va konsulliklari bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etilgan. Reyslar haqidagi ma’lumotlarni faqat aviakompaniyalarning rasmiy manbalari orqali tekshirish va tasdiqlanmagan vositachilarga murojaat qilmaslik zarurligi ham ta’kidlandi.

Yo‘lovchilarga yordam berish maqsadida «O‘zaviatsiya» agentligining koll-markazi kun davomida ishlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид