Logo

Yevropa Rossiyaning iqtisodiy bosimi ostidagi Armanistonga yordam qo‘lini cho‘zdi

Бугун 08:202 дақиқа

Ursula fon der Lyayenning aytishicha, Moskva arman tovarlariga eksport cheklovlarini kengaytirish orqali iqtisodiy aloqalardan siyosiy bosim quroli sifatida foydalanmoqda.

Yevropa Rossiyaning iqtisodiy bosimi ostidagi Armanistonga yordam qo‘lini cho‘zdi

Yevropa Ittifoqi Rossiya tomonidan bo‘layotgan iqtisodiy bosimlarga duch kelayotgan Armanistonni qo‘llab-quvvatlash choralarini, jumladan 50 million yevrodan ortiq moliyaviy yordamni tayyorlamoqda. Bu haqda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

Ursula fon der Lyayen Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqotidan so‘ng, Yevropa Armaniston tomonida qat’iy turishini ta’kidladi.

Yevropa Komissiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva arman tovarlariga eksport cheklovlarini kengaytirish orqali iqtisodiy aloqalardan siyosiy bosim quroli sifatida foydalanmoqda va bu Yevropaga yaxshi tanish bo‘lgan ssenariydir.

Yevropa bozorlariga chiqishning soddalashtirilishi

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Armanistondan keladigan ayrim tovarlarning Yevropa bozoriga kirishini soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Ertaga Latviyaga 10 ming dona guldan iborat birinchi partiya yetib boradi va ularning ketidan boshqalari ham ergashadi. Bu haqda Yevropa Komissiyasi rahbari e’lon qildi.

Saylovlar arafasidagi keskinlik va import cheklovlari

Armanistonda 7-iyun kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylovlar oldidan Moskva hamda Yerevan munosabatlari keskin yomonlashgan.

Rossiya Nikol Pashinyanni g‘arbparastlik yo‘nalishida ayblagan. Yerevanning Yevropaga yaqinlashish harakatlariga javoban esa Rossiya Armanistondan keladigan mahsulotlar — gullar, mineral suv, sabzavotlar, ko‘katlar, shaftoli, qulupnay, olma va baliq importiga cheklovlar kiritishni boshlagan.

Bundan tashqari, Rossiya, shuningdek, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan birgalikda Armanistondan referendum o‘tkazishni talab qilmoqda. Ushbu referendum mamlakatning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YOII)da qolishi yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishni davom ettirishi masalasini hal qilishi kerak. Bosh vazir Pashinyan referendum o‘tkazishni rad etgan.

Теглар

Мавзуга оид