YTHda halok bo‘lgan YPX inspektori «Jasorat» medali bilan taqdirlandi

03.03.2026 | 17:542 дақиқа

Prezident Shavkat Mirziyoyev marhum kichik serjant Xosilbek Eshnazarovni «Jasorat» medali bilan taqdirladi. YPX inspektori Toshkentda 16 yoshli o‘quvchi boshqaruvidagi avtomobil urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgandi.

YTHda halok bo‘lgan YPX inspektori «Jasorat» medali bilan taqdirlandi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori sifatida ishlagan marhum kichik serjant Xosilbek Beknazar o‘g‘li Eshnazarov «Jasorat» medali bilan mukofotlandi. Bugun, 3-mart kuni shu to‘g‘risida prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni qabul qilindi.

25-fevral kuni soat 21:48 larda Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisasi yuz bergandi. Kichik serjant Xosilbek Eshnazarov YTH oqibatida hayoti uchun og‘ir tan jarohatlarini olib 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi.

Kichik serjant Hosilbek Eshnazarov 2022 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Uning ortidan 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi.

Nima bo‘lgan edi?

Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan 10-sinf o‘quvchisi jamoat tartibini qasddan mensimay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy kuchaytirgan va maxsus signal vositalari o‘rnatgan holda bir necha bor huquqbuzarlik sodir etgan. U avval ham YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani uchun 9-yanvar kuni otasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan, ammo bu holatdan xulosa chiqarilmagan.

25-fevral kuni u tanishining opasiga tegishli BMW avtomashinasini turargohdan kaliti bilan haydab ketgan. Mirobod tumani Nukus ko‘chasida YPX inspektori Xosilbek Eshnazarovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, boshqa avtomashinalarni xavfli tarzda aylanib o‘tib, xizmat vazifasini bajarayotgan xodimni urib ketgan. Og‘ir tan jarohati olgan inspektor 27-fevral kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlangan.

«Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan. Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi», – deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид