Logo

Zangiotadagi gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash sabablari ochiqlandi

Portlash oqibatida uch nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Zangiotadagi gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash sabablari ochiqlandi © ijtimoiy tarmoqlar

Zangiota tumanida 16-iyul kuni kechasi avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, hodisaga xavfsizlik talablarining qo‘pol ravishda buzilishi sabab bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur AGTSHga faqat avtomobillarga gaz to‘ldirishga ruxsat berilgan. Biroq shoxobchada qoidalarga zid ravishda maishiy gaz ballonlariga ham gaz quyilgan. Hodisa vaqtida «Labo» rusumli avtomobilda olib kelingan 100 litrli maishiy gaz ballonlari qo‘lbola tayyorlangan o‘tish moslamasi orqali to‘ldirilayotgan bo‘lgan.

Uchinchi ballonga gaz quyish jarayonida shlang ulangan joyidan ajralib ketgan va chaqnash sodir bo‘lgan. Bu esa gaz ballonlarining ketma-ket portlashiga olib kelgan. Natijada ikkita gaz balloni portlagan, yana to‘rttasi yongan.

Portlash oqibatida uch nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan. Ulardan birining tanasining 80 foizi kuygan bo‘lib, ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Qolgan ikki nafar jabrlanuvchi esa o‘rta og‘ir holatda.

Ayni paytda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassislari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.

Qo‘mita ogohlantirdi

Qo‘mita barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari rahbarlariga maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish qat’iyan taqiqlanganini yana bir bor eslatdi.

Shuningdek, fuqarolarga maishiy gaz ballonlarini faqat vakolatli tashkilotlar orqali, belgilangan xavfsizlik talablariga muvofiq to‘ldirish zarurligi ta’kidlandi.

Теглар

Мавзуга оид