Logo

1 sotix yer 301 mln so‘m: Toshkentda yer narxlari pasaymoqda

Bugun 12:552 daqiqa

Poytaxt bo‘ylab narxlarning pasayishiga shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifining oshib borishi sabab bo‘lmoqda. Bu markazda narx hamon yuqori ekanini ko‘rsatadi.

1 sotix yer 301 mln so‘m: Toshkentda yer narxlari pasaymoqda © vaqt.uz

O‘zbekistonda 2026 yil I chorakda ko‘chmas mulk bozorida iqtisodiy faollik sezilarli tezlashdi. Bu haqda Markaziy bankning Ko‘chmas mulk bozori sharhidan ma’lum bo‘ldi.

Bunda, oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga ko‘paydi. Bunday sezilarli o‘sish 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarida eskrou tizimi ishga tushirilgani bilan izohlanadi.

Tizim naqdsiz hisob-kitoblarga asoslangani sabab o‘zbekistonliklar 1-aprelga qadar ko‘chmas mulkini tezroq sotishga harakat qildi. Aprel oyidan boshlab uy-joy savdosi sezilarli pasayib ketdi.

Masalan, aprel oyida 23,3 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu mart oyidagi 43,6 mingtalik ko‘rsatkichga nisbatan qariyb ikki barobar kamroq.

May va iyun oylarida aholining eskrou tizimiga moslashishi natijasida uylar savdosi biroz jonlandi. Biroq o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bozordagi faollik pastligicha qolmoqda.

Narxlar qanday bo‘ldi?

2026 yilning dastlabki choragida ko‘chmas mulk bozorida kuzatilgan yuqori faollik ortidan narx tendensiyalarida ham o‘z aksini topdi.

0


Mart oyida birlamchi bozorda narxlar dollar indeksida 8,1 foizga, so‘m indeksida 1,8 foizga qimmatlashdi. Ikkilamchi bozorda esa o‘sish sur’atlari biroz yuqoriroq bo‘ldi: dollarda — 9,4 foiz, so‘mda — 3 foiz.

Ijara bozorida joriy yilning birinchi choragida mo‘’tadil o‘sish dinamikasi saqlanib qoldi. Mamlakat bo‘yicha ijara narxlari mart oyida dollar qiymatida 9,5 foizga, so‘m qiymatida 3,1 foizga qimmatlashdi.

Toshkent shahrida ijara narxlari o‘sishi biroz pastroq shakllanib, dollar qiymatida 6,9 foizni (so‘mda 0,6 foiz) tashkil etdi.

1 sotix yer narxi pasayishda davom etyapti

2026 yilda ham poytaxt bo‘ylab yer uchastkasi narxlarida pasayuvchi dinamika davom etmoqda.

I chorak yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 sotix yer narxi 301 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga pasaydi.

00


Markaziy bank narxlarning pasayishini shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifining oshib borish tendensiyasi bilan izohladi.

Ya’ni Toshkent markazida yer narxlari hamon yuqori darajada shakllanayotgan bo‘lsa-da, chekka hududlardagi takliflar ko‘paygani o‘rtacha narxning pasayishiga olib kelgan.

Poytaxtda yer narxining eng yuqori miqdori 2024 yilning birinchi choragida kuzatilgandi — 380 mln so‘m atrofida.

Teglar

Mavzuga oid