
11 oy davomida O‘zbekistonda qancha avtomobil sotilgani ma’lum qilindi
2025 yil yanvar–noyabr oylarida sotilgan avtomobillarning deyarli yarmi «UzAuto Motors» AJga tegishli.

«O’zavtosanoat» AJning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida jami 379 158 ta mashina sotilgan.
Davr mobaynida UzAuto Motors bozorning asosiy yetakchisi bo‘lib, 184 891 ta avtomobil sotdi va umumiy bozorning qariyb yarmini egalladi. Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda tez sur’atda o‘sib kelayotgan Khorezm Auto 130 939 ta transport vositasi sotib, bozorda 34,5 foiz ulushga ega bo‘ldi.
ADM Jizzax 40 504 ta avtomobil sotgan bo‘lsa, Xitoy texnologiyasi asosida ishlayotgan BYD Uzbekistan Factory 21 236 ta sotuvga erishdi. Shu bilan birga, Asaka Motors 1 109 ta, SamAuto 400 ta, Alyans Auto esa 79 ta avtomobil sotdi.
Brendlar kesimida Chevrolet mutlaq lider bo‘lib qoldi — 315 830 dona sotuv qayd etildi. Undan so‘ng Kia 22 882 dona, BYD 21 236 dona, Chery 9 888 dona va Haval 7 734 dona ko‘rsatkichga erishdi. Modellar orasida Cobalt (112 530), Damas (97 770) va Tracker (41 159) mamlakatda eng ko‘p xarid qilingan avtomobillar sifatida qayd etildi.
Muttaxassislar bozordagi o‘sishni ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, yangi modellar paydo bo‘lishi va ichki raqobat kuchayishi bilan izohlamoqda. Talabning oshishi ayrim korxonalar uchun lokallashtirishni chuqurlashtirish va qo‘shimcha investitsiya joriy etishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1-oktabr holatiga jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 4 mln 725,9 ming tani tashkil etadi.
Avvalroq Cobalt'ning narxi so‘nggi 6 yilda qanday o‘zgargani haqida batafsil ma’lumot bergan edik.





