Logo

2026-yilda davlat qarzi ko‘p mamlakatlar qaysi?

Bugun 11:303 daqiqa

Dunyo mamlakatlarining davlat qarzi tarixiy jihatdan eng yuqori darajaga yetdi. Qarzni to‘lash uchun ketayotgan xarajatlar va budjetga bo‘lgan ehtiyojning ortishi davlat moliyasiga tobora katta bosim o‘tkazmoqda. Dunyo bo‘yicha jami davlat qarzining katta qismi eng yirik iqtisodiyotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq qarz mamlakat iqtisodiyoti hajmiga nisbatan hisoblansa, manzara butunlay boshqacha ko‘rinadi.

2026-yilda davlat qarzi ko‘p mamlakatlar qaysi? © Sun'iy intelekt

Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) 2026-yil oktabr oyida e’lon qilingan «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» (World Economic Outlook) hisobotida 2026-yilda turli mamlakatlarning davlat qarzi qancha bo‘lishi prognoz qilingan.

Hisob-kitoblarda davlat boshqaruvi sektorining yalpi qarzi inobatga olingan. Bunga markaziy va mahalliy hokimiyat organlarining barcha qarz majburiyatlari kiradi.

Birinchi o‘rinda AQSH turadi. Mamlakatning davlat qarzi 41,4 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Bu dunyodagi jami davlat qarzining qariyb uchdan bir qismiga teng.

So‘nggi o‘n yilda AQSH davlat qarzining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga (YAIM) nisbati 2016-yildagi 107,5 foizdan 2026-yilda 126,8 foizgacha oshdi. Ya’ni mamlakat iqtisodiyoti o‘sganidan ko‘ra davlat qarzi tezroq ko‘paygan. Shu bilan birga, qarzni to‘lash uchun ketadigan xarajatlar ham ortmoqda. 2026-moliya yilida AQSH federal hukumati qarz foizlarini to‘lash uchun 1,1 trillion dollar sarflagan. Bu mudofaa xarajatlaridan 225 milliard dollarga ko‘p.

Ikkinchi o‘rinda Xitoy turadi. Uning davlat qarzi 22,5 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda Xitoyning davlat qarzi ilk bor YAIM hajmining 100 foizidan oshadi.

AQSHdan farqli ravishda, Xitoydagi budjet muammolarining asosiy sabablaridan biri mahalliy hokimiyat organlarini moliyalashtirish tizimi bilan bog‘liq. Ko‘p yillar davomida hududiy ma’muriyatlar infratuzilma loyihalari va hududlarni rivojlantirish uchun qarz olgan, shuningdek, yer sotishdan tushgan mablag‘lardan foydalangan.

image_2026-11-13_11-26-53


Biroq ko‘chmas mulk bozori inqirozga yuz tutishi natijasida yer sotishdan tushadigan daromad kamaydi. Bu esa mahalliy budjetlarga bosimni kuchaytirib, davlat moliyasidagi muammolarni yanada og‘irlashtirdi.
Budjet muammolarining sabablari turlicha bo‘lsa-da, AQSH va Xitoy misolida davlat qarzining ortishi dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyotning moliyaviy ahvoliga qanday ta’sir qilayotganini ko‘rish mumkin.
Davlat qarzi eng katta bo‘lgan mamlakatlar har doim ham qarz yukining eng yuqori darajasiga ega emas.

Agar qarzni mamlakat iqtisodiyoti hajmiga nisbatan solishtirsak, 2026-yilda 20 ta davlatning davlat qarzi YAIM hajmidan oshishi kutilmoqda. Ular orasida yirik sanoatlashgan davlatlar ham, iqtisodiyoti kichik rivojlanayotgan mamlakatlar ham bor.

Davlat qarzining YAIMga nisbati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda Sudan turishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich mamlakatda 334,4 foizga yetadi. Ikkinchi o‘rinda esa 199,4 foiz bilan Yaponiya turibdi.

Fransiyada davlat qarzi YAIMning 118,5 foizini, Kanadada esa 115,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Boliviyada bu ko‘rsatkich 100,2 foizni tashkil qilib, 100 foizlik chegaradan biroz oshadi. Rossiyada esa davlat qarzining YAIMga nisbati atigi 19,3 foiz yoki 552 milliard dollarni tashkil etadi.

Biroq davlat qarzi YAIMning 100 foizidan kam bo‘lgan mamlakatlarda ham jiddiy moliyaviy muammolar yuzaga kelishi mumkin. Rivojlanayotgan 51 ta davlatda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish, ya’ni uning foizlari va boshqa to‘lovlarini amalga oshirish uchun sarflanadigan mablag‘ sog‘liqni saqlash yoki ta’limga ajratiladigan budjet xarajatlaridan ham ko‘p. Bu mamlakatlarda jami 3,7 milliard kishi istiqomat qiladi.

XVJ prognoziga ko‘ra, 2030-yilga borib dunyo davlatlarining jami qarzi global YAIM hajmining 100 foizidan oshadi. Bunday yuqori ko‘rsatkich oxirgi marta Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda kuzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tashqi qarzi oshgani, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ahvol qandayligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid