Allamjonov, Umurzoqov, Isroilov: Prezident 558 nafar vatandoshni davlat mukofotlari bilan taqdirladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh fuqarolarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davla rahbari yig‘ilganlarni ulug‘ va mo‘’tabar ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
«35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.
Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi – mehnatkash va olijanob xalqdir.
Mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-ro‘z yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar, yangi g‘oya va kashfiyotlar ustida izlanayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar mehnatida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi va arxitektorlar, madaniyat, san’at va sport sohasi vakillari, islohotlar ijrosini mahalla va xonadonlarga yetkazayotgan davlat xizmatchilari, joylarda odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlayotgan harbiylar hamda huquq-tartibot xodimlarining hissasi alohida qayd etildi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi, iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming o‘rinli maktablar, 342 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 62 ming o‘rinli shifoxonalar barpo etildi. 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurildi hamda ta’mirlandi. 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berildi, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi. O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi uy-joyga ega bo‘ldi.
«Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir», – dedi Prezident.
Ana shu ezgu o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarning 558 nafari mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
«Har biringizning mashaqqatli mehnat yo‘lingiz, erishgan yutuqlaringiz, yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissangizni juda yaxshi bilaman», – dedi Prezidentimiz.
Mukofotlanganlar orasida Xorazm viloyatida ko‘p yillar davomida bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shib, bugun nuroniylarga boshchilik qilayotgan Rustam Sultonov, Surxondaryoda cho‘llarni o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga umrini bag‘ishlagan mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov bor.
Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon po‘lat erituvchi bo‘lib ishlayotgan G‘ulomjon Turonovning “Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatiga berilgan yuksak bahodir. Paxtachilik va g‘allachilikda yuksak natijalarga erishib, o‘z maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, yil davomida pilladan yuqori hosil olayotgan buxorolik Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilg‘or texnologiyalarni joriy etib, naslchilikni rivojlantirayotgan qoraqalpog‘istonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor tizimlarni tatbiq etishga hissa qo‘shayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning mehnati munosib e’tirof etildi.
Prezident davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizga ham samimiy tabriklar aytildi. Marosimda mamlakat yetakchisi mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.





