AQSH Moliya vaziri: «Rossiya neft sanksiyalari yumshashidan atigi 2 mlrd dollar foyda ko‘radi»
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Rossiya va Eron neftiga qo‘yilgan cheklovlarning vaqtincha olib tashlanishini strategik yurish deb atadi. Uning fikricha, bu qaror Moskvaning daromadlarini oshirmaydi, aksincha, narxlar nazoratini ta’minlaydi.

NBC News telekanaliga bergan intervyusida Skott Bessent Donald Trampning sanksiyalarni yumshatish haqidagi qarorini himoya qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya neftiga qo‘yilgan cheklovlarning vaqtincha olib tashlanishi Moskvaga ko‘pi bilan 2 mlrd dollar qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.
«Bu Rossiya uchun atigi bir kunlik budjet xarajatlariga teng xolos», dedi vazir.
Bessentning tushuntirishicha, bu qaror Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarga tankerlarda to‘planib qolgan neftni sotib olish imkonini beradi va eng muhimi — jahon bozorida narxlarning 150 dollargacha ko‘tarilib ketishining oldini oladi.
Jurnalistning «avvallari sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagan edingiz, endi nega fikringiz o‘zgardi?» degan savoliga vazir savol bilan javob berdi: «Neft narxi 150 dollarga chiqib, ular bu mablag‘ning 70 foizini (105 dollar) olishi yaxshimi yoki narxni 100 dollardan pastda ushlab turib, ularga kamroq pul berishmi?». Shu tariqa, Oq uy neft taklifini ko‘paytirish orqali Rossiya va Eronning umumiy foydasini kamaytirishni ko‘zlamoqda.
Yaqin Sharqdagi inqiroz
Yaqin Sharqda boshlangan yangi urush va Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi dunyo neft eksportining beshdan bir qismini to‘xtatib qo‘ydi. Bu esa narxlarning 2022 yildan beri kuzatilmagan rekord darajaga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Vaziyatni nazorat qilish uchun AQSH ma’muriyati mart oyi o‘rtalarida Rossiyaning 12-martgacha tankerlarga yuklangan va dengizda turgan neftini sotib olishga vaqtincha ruxsat berdi. Keyinroq xuddi shunday imtiyoz Eron nefti uchun ham joriy etildi.
Vashingtonning bu rejasi energiya bozoridagi «vaqtinchalik taqchillik»ni yopishga qaratilgan. Tramp ma’muriyati uchun hozirgi asosiy vazifa — Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirgan holda, global inflatsiyaning jilovdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bunda Rossiya nefti bozorni barqarorlashtiruvchi vosita sifatida ishlatilmoqda.
Strategik hisob-kitob
Ekspertlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolaversa, bunday vaqtinchalik choralar samara bermasligidan ogohlantirmoqda. Agar tankerlardagi zaxiralar tugasa va qamal davom etsa, Vashington yanada keskinroq iqtisodiy yoki harbiy qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Hozircha esa Tramp jamoasi «ikki yomonlikdan kichigini» tanlab, bozorni Rossiya va Eron nefti hisobiga tinchlantirishga urinmoqda.





