Axloq normalariga zid bo‘lgan videolavhalar joylashtirilgan kosmetolog-bloger jazolandi

23.02.2026 | 12:021 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavhalar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Axloq normalariga zid bo‘lgan videolavhalar joylashtirilgan kosmetolog-bloger jazolandi

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda kosmetolog sifatida tanilgan shaxs faoliyati yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, blog sahifalarida milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan obraz va iboralardan foydalanilgan videolavhalar joylashtirilgan.

Qo‘mita o‘rganishlari davomida Instagram va Telegram orqali tarqatilgan kontent jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgani aniqlangan. Mazkur materiallarda reklama mazmuni ham mavjud ekani qayd etilgan.

Natijada sahifa yurituvchisi X.K bo‘yicha qonun buzilishi holati yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sud organlariga yuborilgan.

Qo‘mita ogohlantirishicha, agar mazkur holat ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanganidan keyin ham takrorlansa, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi va holatga qo‘shimcha huquqiy baho beriladi.

Idora eslatishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy an’analarga hamda axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid shakl, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda reklama va shaxsiy kontent uchun qonun talablariga rioya etish masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Teglar

Mavzuga oid