Bank nomidan fuqarolarni aldab, 8 mln dollar o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi
Guruh a’zolari orasida yirik banklardan birining kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgani aytilmoqda.
© DXX matbuot xizmatiToshkent shahrining Mirobod tumanida fuqarolarni banklar nomidan aldab, 8 mln dollar mablag‘ni o‘zlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida yashovchi 21–37 yoshli besh nafar shaxs noturar binodan joy ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil qilgan. Guruhga aloqador yana bir fuqaro esa boshqa xonadonda GSM shlyuz qurilmalarini o‘rnatib, tizim ishlashini ta’minlagan.
Guruhga Toshkent viloyatida yashovchi, muqaddam sudlangan 47 yoshli shaxs rahbarlik qilgan. Gumonlanuvchilar orasida nufuzli banklardan birining bosh ofisida ishlovchi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgani aytilmoqda.
Guruh a’zolari turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga firibgarlar tomonidan kredit rasmiylashtirishga urinish bo‘layotganini aytgan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni ishontirib, plastik kartalar ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqarolar mablag‘larini o‘zlashtirish bilan birga, ularning nomiga onlayn kreditlar ham rasmiylashtirgan.
O‘zlashtirilgan jami 8 mln dollar kriptovalyutaga aylantirilib, soxta mas’uliyati cheklangan jamiyat orqali xorijga olib chiqilgan va legallashtirilgan.
Tergov davom etmoqda
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida guruhga aloqador 10 nafar shaxs aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq shahrida tijorat banki filiali xodimi 13 nafar fuqaroning omonat uchun topshirgan 1,3 mlrd so‘m mablag‘ini o‘zlashtirgan haqida xabar berilgandi.


