Logo

Banklarda «Zolotaya Korona» o‘tkazmalari qayta tiklanmoqda

Avvalroq Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ortidan O‘zbekistondagi 15 dan ortiq bank xizmatni vaqtincha to‘xtatgandi.

Banklarda «Zolotaya Korona» o‘tkazmalari qayta tiklanmoqda

Agrobank va Biznesni rivojlantirish bankida «Zolotaya Korona» orqali xalqaro pul o‘tkazmalarini qabul qilish qayta tiklandi. Bu haqda banklar matbuot xizmati ma’lum qildi.

Endi mijozlar ushbu tizim orqali xorijdan yuborilgan mablag‘larni yana odatiy tartibda olishlari mumkin. Banklar hozircha pul jo‘natish imkoniyati ham qayta tiklanganiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi 21-sanksiyalar paketi doirasida «Zolotaya Korona» operatori — «Platyojnыy Sentr»ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi banklar birin-ketin ushbu tizim orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtata boshladi.

Jumladan, Agrobank va Biznesni rivojlantirish banki ham xizmat vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qilgandi. Umuman, «Zolotaya Korona» bilan ishlashni cheklagan banklar soni 15 tadan oshgan.

Markaziy bank vakili Otabek Tojiddinov sanksiyalar tizimning o‘ziga emas, uning operatoriga nisbatan qo‘llanganini aytgandi.

Shu sababli «Zolotaya Korona»ni sanksiyaga tushmagan boshqa texnik operatorga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Xizmat yaqin vaqtlarda boshqa banklarda ham bosqichma-bosqich qayta tiklanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid